O‘zbekiston va AQSh Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga shu hafta amalga oshiradigan tashrifi davomida 4 milliard dollarlik qiymatga ega bitimlarni imzolash niyatida. Bu haqda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 2018 yil 15-17 may kunlari ilk rasmiy tashrif bilan AQShda bo‘lishi xabar berilgandi.
"O‘n beshinchi maydagi rejaga ko‘ra, umumiy qiymati 4 milliard dollar bo‘lgan bitimlar imzolanishi kerak", - deya xabar bergan Lemm "O‘zbekiston 24" telekanaliga. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatlar savdo, tijorat, invectitsion soha bo‘yicha imzolanadi.
Lemmning ta'kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlariga neft-gaz va rangli metallurgiya aylanishi mumkin. "Biz O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etish uchun ko‘plab tutash nuqtalarni ko‘rmoqdamiz", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi savdo palatasi raisi.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondonini qabul qilgani xabar berilgandi. Uchrashuvda xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik sohalaridagi o‘zaro aloqalarga alohida e'tibor qaratildi.