«Toshkent» RFBda bir haftada necha so‘mlik aksiyalar sotilgani ma'lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 15:50 / 14.05.2018 3735

2018 yilning 7 – 11 may kunlari «Toshkent» Respublika fond birjasi savdolarida 10 ta aksiyadorlik jamiyatining aksiyalari bilan 54 ta bitim qayd qilinib, 39,4 mln dona oddiy va 28 dona imtiyozli aksiyalar 1,5 mlrd so‘mga sotildi. Bu haqda Davlat raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Tahlillar jami savdo aylanmasining 93,1 foizi tijorat banklari qimmatli qog‘ozlari bilan amalga oshirilgan bitimlardan iborat bo‘lganini ko‘rsatdi.

Eng yirik bitim 10 may sanasida asosiy seksiyada «Turkiston» XATBning 1,4 mln dona aksiyasi bilan 1,4 mlrd so‘m miqdorida tuzildi. Bir dona aksiyaning sotuv narxi 1000 so‘mni tashkil qildi.

Bitimlar soni bo‘yicha yetakchilikni o‘tgan haftada «Kvarts» AJ egallagan holda, uning 7,0 ming dona aksiyasi bilan 34,7 mln so‘mlik 27 ta bitim amalga oshirildi.

Qimmatli qog‘ozlar bilan o‘rtacha kunlik savdo aylanmasi hisobot davrida 0,37 mlrd so‘mni, o‘rtacha bitim qiymati esa 27,7 mln so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, ushbu davrda sotilgan bir dona aksiyaning o‘rtacha narx ko‘rsatkichi 37,9 so‘mdan iborat bo‘ldi.

Qimmatli qog‘ozlarning nominal narxiga nisbatan yuqori darajadagi farq «KINAP» AJ aksiyalari bilan tuzilgan savdo bitimlarida kuzatildi. Bunda nominal qiymati 5 000 so‘m bo‘lgan jamiyat aksiyalarining savdo kunidagi birja narxi 50 000 so‘mni tashkil etdi.

Hafta davomida savdo aylanmasi hajmi yuqori bo‘lgan emitentlarni «Turkiston» XATB (haftalik savdo aylanmasining – 93,1 foizi yoki 1,4 mlrd so‘m), «Kapital sug‘urta» AJ (3,8 foiz yoki 57,3 mln so‘m), «Kvarts» AJ (2,3 foiz yoki 34,7 mln so‘m) va «O‘zRTXB» AJ (0,3 foiz yoki 4,8 mln so‘m) tashkil etdi. Savdo aylanmasining 99,1 foizi (1,48 mlrd so‘m) ular hissasini tashkil etdi.

O‘tgan haftada investorlar toifasiga ko‘ra birja savdolarida jismoniy shaxslar faolligi kuzatilib, tuzilgan umumiy bitimlar hajmining – 94,4 foizi (1,4 mlrd. so‘m), bitimlar soni bo‘yicha esa – 79,6 foizi (43 dona) aynan ular hissasiga to‘g‘ri keldi.

Shuningdek, o‘tgan haftada fond birjasida respublikaning 4 ta hududida joylashgan listing kompaniyalari qimmatli qog‘ozlari bilan savdo bitimlari imzolandi. Birja bitimlarining eng yuqori hajmi Toshkent shahridagi (97,3 foiz) aksiyadorlik jamiyatlari hisobiga to‘g‘ri keldi.

Fond birjasida yil boshidan buyon 98,6 mlrd so‘mlik 4 869 ta savdo bitimi qayd qilindi. Ushbu davrda birja savdolarida 69 ta aksiyadorlik jamiyatining 3,4 mlrd dona qimmatli qog‘ozlari sotilgan.

Ko‘proq yangiliklar: