Obod mahallaning andijoncha qurilishi: odamlar nimadan norozi?

Jamiyat 10:47 / 10.05.2018 136376

Iroda soatga bir qarab qo‘ydi-da, ho‘l sochini tezroq quritib, o‘qishga kech qolmaslik payiga tushdi. O‘zbekning mehmondo‘stligidan aylanay, soat 7 bo‘lishi bilan eshik taqillab qoldi. Biroq "kutilmagan mehmonlar" uyga birin-ketin kirib, tomdan tarasha tushganday, Irodalarning uyi shu bugun, hoziroq buzilishi ma'lum bo‘ldi.

Mover.uz' da ko‘rish

Joriy yilning 8 may kuni ushbu holat Andijon shahar, Mustaqillik MFYda istiqomat qiluvchi ko‘pchilik bilan yuz berdi. Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevning aytishicha, Pushkin ko‘chasida joylashgan 110ta xonadon hokimlik qaroriga ko‘ra buzilmoqda. Asos bitta - davlat rahbarining tashabbusi bilan boshlangan "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturiga kiritilgan mazkur ko‘cha ham tez orada o‘zgacha viqor bilan qad rostlaydi. Ushbu uylarda yashovchi aholiga tushunarsiz narsa esa nega dabdurustdan, 12 soat avval viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan uchrashgan kishilarning uyi buzilmoqda. Qolaversa, tushunarsiz vaziyatlar juda ko‘p: dasturga kiritilgan mahalla a'zolari nega ko‘chirib yuborilmoqda? Nimaga ko‘chlarni yig‘ishtirib, bamaslahat ish ko‘rishga imkon berilmadi? Ular endi qayerda yashaydi?

Ushbu jarayon to‘g‘risida ma'lumot yetib kelishi bilan, masalaga oydinlik kiritish maqsadida Andijon shahri sari otlandik. Xayolda esa ming xil o‘y charx ura boshladi. Ishqilib, men o‘ylaganchalik ayanchli ahvol ustiga bormaylik. Ming qilsa ham insonmiz, axir. Jonimiz achiydi.

Taxminan kunduzgi soat 10lar arafasida shahardagi Pushkin ko‘chasiga yetib keldik. Sizga atrofdagi "ob-havo"ni bayon etsam, bu ko‘cha aholi gavjum (aslida Andijon viloyatining o‘zi eng aholi tirband hudud hisoblanadi) mavze - Yangi bozor dehqon bozoriga juda yaqin joylashgan. Tabiiyki, bu atrofda yashayotgan deyarli yarim aholining asosiy daromadi mana shu bozorga bog‘langan. Qolaversa, ko‘cha sobiq Ittifoq paytida ancha nufuzga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo hozir biroz abgor holatga tushgan. Ichki ko‘chalar, kanalizatsiya va kommunal xizmatlar qoniqarsiz ahvolda. Shunga qaramay, Pushkin ko‘chasi joylashgan Mustaqillik MFYda 1326 nafar kishi istiqomat qiladi. Men bu raqamning rost ekaniga shubham bor, gap shundaki, mahallada Andijon viloyatining boshqa tumanlaridan doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan kishilar juda ko‘p.

Hokimiyat vakillari va jabr ko‘rayotgan kishilar

Xullas, quruvchilar (yoki buzuvchilar, ta'bga ko‘ra atayvering) ish boshlagan ko‘chaga kirdik. Jurnalist bunday g‘alvada tezda ko‘zga tashlanadi. Ichki ishlar xodimi, hokimiyat vakillari bizni darrov qarshi oldi, shubhali nazar bilan har bir qadamni kuzatib turishdi. Ajab, rasmiy vakil vaziyatga oydinlik kiritishda birinchi ko‘makchi, axir uning so‘zlari biz uchun ayni haqiqat. Ammo har doimgi dard - hokimiyat mutasaddilarining jurnalistlardan o‘zini olib qochishi tufayli, axborot bo‘shlig‘i, uning ketidan "yovuz kuchlar" bo‘htonlar yomg‘iri paydo bo‘ladi. O‘z nazdida jabr ko‘rayotgan kishilar muloqotga tashna, ulardan biri qurshab olingan jurnalistga shunday deydi:

"Prezidentimiz boshlagan islohotlarni aslo yomonotliqqa chiqarish niyatimiz yo‘q, o‘zim ham shu eski xonadondan chiqib, yangi uylarda emin-erkin yashashni istayman. Ammo, nega avvaldan ogohlantirishsiz, birdan buzish ishlar boshlanib ketdi? Biz ham insonmiz, O‘zbekiston fuqarolari, axir Konstitutsiyada belgilangan haq-huquqlarimni himoya qilinishini so‘rayapman", aholi vakillaridan biri Hotam To‘xtayev.

Anglashiladiki, kishilarning aksariyati  bu buzilishga qarshi emas, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular faqat hokimiyatni ishlarni to‘g‘ri tashkil etmaganlikda ayblamoqda. Ammo bu jarayonda vaziyat chigal, ya'ni buzilishi e'lon qilingan 98ta xonadondan 5tasida mulkni tegishliligini belgilovchi yoxud asoslovchi hujjat yo‘q. 93ta uyning ham ayrimlari xususiy mulk, shaxsiy xonadon, yana boshqalari umumiy munitsipial uylar. Xalqchil qilib, “dvor” deb atash mumkin.

"Mening uyim 4 sotix maydonda qurilgan, shaxsiy mulk hisoblanadi. Bu yerda qiz nevaralarimga qarab o‘tiraman. Qizim Rossiyada, taqdir taqozosi bilan mehnat qilishga majbur. Agar uyim buzilishi kerak bo‘lsa, shunga mos turar joy taqdim etsin. Kimdir maktabga, o‘qishga, ishga qatnaydi. Aholining ijtimoiy himoyasi bilan kim shug‘ullanadi? Men maqbul bo‘lgan takliflarga roziman, ammo hokimiyat muloqot qilishni ham istamayapti-ku", deydi xonadon egalaridan biri.

Andijon shahar hokimi birinchi o‘rinbosari Anvar Hoshimovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, uylari buzilayotgan har bitta xonadon egalariga Xo‘jaobod tumaniga yaqin bo‘lgan “Qozoq” mavzesidan 2 sotixli yer-uchastkasi ajratilmoqda.

“Buzish davomida ajratib olingan ikkilamchi qurilish mollari yer-uchastkaga bepul yetkazib berilmoqda. Shuningdek, yangi uylarni qurish davomida har bir xonadonga moddiy yordam ko‘rsatish uchun homiylar biriktirildi”, deydi hokim o‘rinbosari.

Sharoit va yashash standartlari bo‘yicha a'lo darajada yashamayotgan bo‘lsa-da, ayrim kishilar yer-uchastkasining va'da qilingan Bog‘ishamol hududidan o‘tib, Xo‘jaobod tumaniga tutash joydan berilayotganidan norozi.

Bundan tashqari, yer-uchastkasida hali qurilish boshlanmagan bo‘lsa, Pushkin ko‘chasida esa eski uylarni buzish avjida, kishilar yangi uylar bitguncha qayerdadir yashashga muhtoj-ku. Hokimiyat bu haqda qayg‘uribdi, faqat sal kamroq qayg‘uribdi. Negaki, Andijon sanoat va transport kasb-hunar kolleji hamda Andijon avtomobil yo‘llari qurilish kasb-hunar kolleji talabalar yotoqxonalarida vaqtincha yashash uchun joylar hozirlangan.

Ammo, lekin, biroq... Hojatxonada suv yo‘q, oddiy gigiyenik qoidalarga rioya etib yashashning imkoni mavjud emas. Xonalar talabalarning turmush tarziga mo‘ljallangani uchun oila sharoitida yashashga noqulay. Bir oilaning voyaga yetgan qizi, har qalay, umumiy yuvinish xonasiga kirib, yo‘lak bo‘ylab yana shu alfozda yurishini tasavvur qilolmadim.

Xulosa shu bo‘ldiki, xalq bilan muloqot yili tugab, Andijon shahar hokimligi aholi vakillari bilan muloqot qilishni unutibdi. Agar kimdir ularni tinglasa, murosa bo‘lishi aniq, faqat tinglab, tinglaganda ham murojaatlarini inson qalbi bilan his etish zarur.

PS: Andijon safarini yakunlab, yo‘lga chiqqanimizda, yurakda bir g‘ashlik paydo bo‘ldi. Nahot, yana shu oddiy xalqqa zug‘um qilinsa?! Ammo, fikrimni telefon qo‘ng‘irog‘i buzib yubordi. Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev barcha aholi yuzaga kelgan vaziyatdan mamnun bo‘lishini qat'iy aytdi. U hokimiyatning asosiy vazifasi xalqni rozi qilish ekanini yana bir bor eslatdi. So‘zlardan keyin ko‘ngil taskin topganday, ammo bular so‘zlar-ku...

Alisher Ro‘zioxunov
Kun.uz jurnalisti

Ma'ruf Asqarov 
Kun.uz tasvirchi-operatori

Ko‘proq yangiliklar: