Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari tomonidan yaqin yillarda o‘zaro savdo aylanmasi hajmini 5 milliard dollargacha yetkazish maqsad qilib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar eksport nomenklaturasi kengayishi bilan bir qatorda mamlakatlarga ikki tomonlama savdo aloqalari hajmini ko‘p baravar oshirish imkonini beradi.
Yaqin orada Turkiyaga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik, charm, kabel-o‘tkazgich va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkaziladi.
O‘zbekiston mahsulotlariga yuqori talab mavjudligini 680 million dollardan ziyod qiymatga imzolangan eksport shartnomalari tasdiqlaydi. Ta'kidlash joizki, tashrif davomida imzolangan 44 shartnoma yuqori qo‘shimcha qiymatga ega keng mahsulotlari qatorini qamrab olmoqda.
O‘zaro savdo aloqalarida qulay sharoitlar yaratish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf qilishga doir ishlar olib borilmoqda.
"Ayni damda biz Turkiya tomon bilan imtiyozli savdoga doir kelishuvni imzolash sharoitlarini ishlab chiqyapmiz. O‘z navbatida, bu o‘zbek va turk tovarlari raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi", - deydi tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.
2017 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 1,5 milliard dollardan ortiqni tashkil qiladi, bu 2016 yilning xuddi shu davriga nisbatan 32 foizga ko‘pdir. 2018 yilning yanvar-mart oylarida o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga oshdi va 395,3 million dollarni tashkil qildi. O‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari eksport hajmining ikki baravarga oshishi alohida diqqatga sazovordir. Oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar eksporti hajmining o‘sishi 68,8 va 62,6 foizni tashkil qildi.