Roskomnadzor ijtimoiy tarmoqlar IP-manzillarining qisqa muddatli bloklanishiga nima sabab bo‘lganini tushuntirib berdi. Bu haqda idoraning feysbukdagi rasmiy sahifasida xabar qilingan.
«Alohida IP-manzillar reyestriga qisqa muddatli kiritilish tizim ishining texnologik xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ldi», - deyiladi bayonotda.
Ta'kidlanishicha, ayni damda manzillar blokdan chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «VKontakte», «Yandeks», Twitter, Facebook va «Odnoklassniki» IP-manzillari Roskomnadzor tomonidan taqiqlangan saytlar reyestriga kiritilgani xabar berilgandi. Ro‘yxatdan shuningdek Yahoo va Liveinternet IP-manzillari ham joy olgan. Idora saytida xabar berilishicha, «VKontakte»ga tegishli bo‘lgan 87.240.129.133 manzili bloklangan. Shuningdek, ro‘yxatda Google'ning 33ta IP-manzili va Microsoft (29), Amazon (14) manzillari, «Yandeks» hamda Facebook’ning beshtadan manzili, Twitter’ning uchta va «Odnoklassniki»ning bitta manzili bor edi.