«Yandeks» Roskomnadzorni Runetga zarba berganlikda aybladi

Fan-texnika 21:10 / 27.04.2018 3946

«Yandeks» kompaniyasi Roskomnadzor (RKN) tashkilotidan IP-manzillarining bloklanishi yuzasidan tushuntirish so‘radi, deb xabar bermoqda TASS.

«26 aprel kuni tunda RKN reyestrida «Yandeks»ga tegishli bo‘lgan 5ta IP-manzil paydo bo‘ldi. Manzillar 2 soat davomida ro‘yxatda turdi, so‘ngra olib tashlandi. Texnik mutaxassislarimiz tuni bilan vaziyatni monitoring qilib, servislarimizning to‘liq ishlashini ta'minlab turishdi. Bu holatni to‘g‘ri emas deb hisoblaymiz. Global va Rossiya internet-servislariga kirish yo‘llarini cheklash avvalo butun Runetga zarar yetkazadi», — deyiladi «Yandeks» bayonotida.

Bundan tashqari, «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i ham bu borada maxsus bayonot berdi. Kompaniya boshqaruv raisi Andrey Rogozov fikriga ko‘ra, foydalanuvchilarning yozishmalarini o‘qish imkoniyatini beruvchi kodlarni olishning umuman iloji yo‘q.

«Xabar almashish imkoniyatini beruvchi dunyodagi eng ilg‘or servislarning ko‘pchiligi shunday ishlaydi. Oynali kodlash suhbatlarning mahfiyligini ta'minlash va uchinchi shaxslarning ularga ega chiqishiga to‘sqinlik qilish imkoniyatini beradi» - dedi u.

27 aprel kuni RKN «Yandeks» bayonoti yuzasidan tushuntirish berdi va uning IP-manzillarini bloklamaganini aytdi.

«Yandeks» kompaniyasining IP-manzillari bloklanmagan va bloklanmaydi. Ayni paytda, Telegram faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida, ba'zi lokal chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda. Bu esa Rossiya kompaniyalarining internet-resurslariga faoliyatini davom ettirish imkoniyatini beradi. Agar xohish bo‘lsa, «Yandeks» ham bu loyihaga qo‘shilishi mumkin», — deyiladi RKN matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Roskomnadzor 16 apreldan boshlab, shifrlash kalitlarini FXXga taqdim qilishdan bosh tortgani uchun, Telegram messenjerining Rossiyadagi faoliyatiga to‘siq qo‘yishni boshladi. Natijada, Amazon va Google xostinglari bloklandi, shuningdek, «VKontakte», «Yandeks», Twitter, Facebook, «Odnoklassniki», Yahoo, Liveinternet ijtimoiy tarmoqlarining IP-manzillari yopib qo‘yildi.

Roskomnadzor bu holatni tizimning texnologik xususiyatlari bilan izohladi. Ayni paytda, bu resurslar blokdan chiqarib yuborilgan.

Ko‘proq yangiliklar: