Jurnalist ishi: Bobomurod Abdullayev ekspertiza ishi bilan yaqindan tanishishi mumkin

O‘zbekiston 01:49 / 26.04.2018 19835

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish va amaldagi hukumatni noqonuniy ag‘darish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev, blogger va o‘qituvchi Hayotxon Nasriddinov hamda ikki nafar ishbilarmonlar ustidan olib borilayotgan sud ishi 25 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi binosida davom ettirildi. 

Sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sudlanuvchi Abdullayevni himoya qilayotgan advokat Mayorov sudga bir nechta banddan iborat iltimosnomalar kiritdi. Ulardan birida Bobomurod Abdullayevni 2017 yil sentabrda MXX Tergov boshqarmasi binosiga o‘z xohishi bilan kelgani, guvoh Abdullayevning ham o‘z istagiga ko‘ra kelganini isbotlovchi video lavha taqdim etilmagani evaziga, ularning binoga tashrif buyuruvchilarni ro‘yxatga olish kitobiga tegishli tartibda qayd etilgani haqida kitobdan ko‘chirma sudda taqdim etilishi so‘raldi.

Davlat ayblovchi B.Qobilov suddan ushbu iltimosnomani qanoatlantirmasligini iltimos qildi.

“Ayni paytda ushbu tashkilot faoliyati yopiq hisoblanadi. Unga tashrif buyuruvchi shaxslar, xodimlar va boshqalarga tegishli shaxsiy ma'lumotlar aks etgan qaydnomani sudga taqdim etishning imkoni yo‘q. Shuningdek, maxfiy xizmat faoliyatida yuritiladigan har qanday hujjat maxfiy hisoblanadi”, deydi prokuror.

Sudya Zafar Nurmatov maslahatlashuvdan so‘ng advokatning iltimosnomasini qanoatlantirmasdan qoldirish haqida ajrim chiqardi. Bundan tashqari, advokat Mayorov o‘zining himoyasida bo‘lgan Bobomurod Abdullayevni o‘tkazilishi kutilayotgan ekspertiza jarayonida ishtirok etishini so‘rab sudga iltimosnoma kiritdi.

Sudya Zafar Nurmatov bu gal iltimosnomani qanoatlantirib, sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 179-moddasida nazarda tutilgan huquqlarga ega ekani haqida gapirib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, ta'kidlangan modda bo‘yicha sudlanuvchi bir nechta sanab o‘tilgan bandlardan tashqari ekspertiza o‘tkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, sudning ruxsati bilan hozir bo‘lish, ekspertdan tekshiruv vaqtida qo‘llayotgan usullarining va olingan natijalarning mohiyatini tushuntirib berishni talab qilish, ekspertga tushuntirishlar berish huquqiga ega bo‘ladi.

Sud majlisi 30 aprel kuni davom ettiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: