To‘rt o‘qdan omon qolgan bolakay qismati

Jamiyat 09:30 / 26.04.2018 99136

Ming afsuski, hayotning o‘ziga yarasha tasavvur etish qiyin bo‘lgan voqealari bo‘ladi. Umrida hali hayotni anglab yetishga ulgurmagan, tashvish va quvonchidan totmagan murg‘ak qalblar ham ana shu hayotning “achchig‘i”dan aziyat chekadi.

Jahongir ismli bolakay bilan bog‘liq ayanchli holat barchani chuqur o‘yga solgandi. Uning turmushi shunaqangi sinovlar bilan boshlandiki, barchasi o‘rmon qonuni kabi, bolakay hozirgacha kurashdan to‘xtamayapti. Aks holda u mag‘lub bo‘ladi. Do‘stlari qatori yelib-yugurib o‘ynashdan mosuvo bola mushtipar buvisi uchun ko‘mak berish niyatida, Jahongir oyoqqa turish uchun iroda ko‘rsatmoqda. Allohga shukrki, xalqimizning savobtalab insonlari hozirgacha ushbu oilaga ko‘mak berib kelayotgani quvonarli holat.

KUN.UZ saytida ikki marotaba “O‘z amakisi tomonidan miltiqdan o‘qqa tutilgan bola yordamga muhtoj” va “Rossiyadagi yurtdoshlarimiz diqqatiga: 9 yoshli Jahongir saxovatpesha insonlar ko‘magiga intizor” sarlavhali xayriya aksiyalari tashkil etilgandi.

Ushbu voqeani yana bir bor eslatishni joiz, deb topdik. Tafsilotlar quyidagicha: 2009 yil 12 iyun kungi o‘sha mudhish voqeada Jahongir oilaviy ziddiyatning jabrini ko‘radi. Ya'ni, amakisi uy-joy talashishdan kelib chiqqan janjaldan so‘ng, beshikda yotgan bir yoshli jiyanining qorniga, umurtqa pog‘onasi, qo‘li, qulog‘iga to‘rt marotaba o‘q uzadi. Allohning mehribonligi tufayli bir qancha qiyin jarrohlik amaliyotidan keyin bolaning hayoti saqlab qolindi. O‘qotar quroldan yaralangandan so‘ng, uning ayni damdagi tashxisi – bolalar tserebral falaji (DTsP).

Albatta, savobli ishning davomi sifatida KUN.UZ Jahongirning murojaatiga yana bir bor e'tibor qaratmoqda. Rossiyadagi muhojir blogger do‘stimiz Anvarjon aka savobli ishga katta hissa qo‘shib, Jahongir bilan bog‘landi, u istiqomat qilayotgan xonadondan reportaj tayyorlashda ko‘mak berdi.

Siz azizlarning yordamingiz bilan Jahongir bir qancha muolajalarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Allohning mehribonchiligini qarangki, 11 marta jarrohlik stolidan chiqib, yosh bolakay hayot uchun kurashmoqda. Buvisi Xusnida G‘iyasovaning aytishi bo‘yicha, ular ikki yarim yildan beri Sankt-Peterburg shahrida istiqomat qilib, davolanib kelmoqda.

“Qanchalik qiyin bo‘lmasin, nevaramni oyoqqa turg‘azishim kerak. Bolam yuradi, nimagaki professorlar menga aytishgan - bolam futbol o‘ynamaydi, lekin o‘zini-o‘zi uddalaydi. Men shu uchun kurashmoqdaman”, deydi Xusnida aya.

Mehribon buvining ta'kidlashicha, Jahongir yana uch bosqichli muolaja bosqichini o‘tashi kerak. Ayol xayriyadan katta umid qilayotgani va nabirasi uchun hamma narsaga tayyorligini bildirdi. Issiq-sovug‘idan xabar olib turgan vatandoshlarimizdan chuqur minnatdor ekanligini ko‘zlarida yosh to‘lib esladilar. O‘z fikrlarini duo bilan tugatib, hamma saxovatpesha insonlarimizga baxtli umr tiladi.

Ularning holati bizga ayon, faqatgina boshlagan ezgu ishimizni birgalikda chiroyli yakun topishi uchun bir tashabbus qilsak, qalbimiz yanada taskin topadi. Yaxshilik umrimizning mazmuni va maqsadiga aylansin. Azizlar maqola yakunida bir hadisni yodga olsak, Ibn Umardan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir birodarining hojatini ravo qilsa, men qiyomat kuni uning tarozisi oldida turaman. Agar savoblari og‘ir kelsa, najot topdi. Agar tarozisi yengil kelsa, uni o‘zim shafoat qilaman”, – dedilar». Abu Nu'aym rivoyati.

Jahongirga yordam bermoqchi bo‘lgan yaxshilar uchun qo‘shimcha ma'lumotlar:

Agrobank - hisob raqami: 8600 0417 1153 2524 (Payme | Click)

Rossiyadagi saxovatpesha yurtdoshlarimiz uchun:

SberBank - hisob raqami: 4276 5500 6008 0630

Xusnida Giyazova bilan bog‘lanish uchun raqam: +79219292445

Ko‘proq yangiliklar: