Facebook kompaniyasi ma'lumotlarning chetga chiqib ketishi bilan bog‘liq mojaro ortida 2018 yil 1-choragidagi daromadining anchagina oshishiga erishdi. Bu haqda kompaniya hisobotida aytilgan.
1-chorakda Facebook’ning daromadi deyarli 50 foizga oshib, 11,97 mlrd dollarni tashkil qilgan. Uning sof daromadi esa 2017 yil 1-choragidagi 3,06 mlrd dollardan joriy yilda 5 mlrd dollargacha oshgan, ya'ni o‘sish 63 foizni tashkil qilgan.
“Jiddiy sinovlarga qaramasdan, bizning hamjamiyat o‘sishda davom etmoqda. Har oy Facebook’dan 2,2 mlrd, har kuni esa 1,4 mlrd dan ko‘proq kishi foydalanadi”, deb aytgan shu munosabat bilan kompaniya rahbari Mark Tsukerberg.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqning 2018 yil 1-choragidagi foydalanuvchilari soni 2017 yil 1-choragiga nisbatan 70 mln kishiga ko‘paygan.
Facebook mart oyida foydalanuvchilar haqidagi shaxsiy ma'lumotlarning chetga chiqib ketishi bilan bog‘liq mojaro markazida qolgandi. The New York Times nashri ma'lum qilganidek, Britaniyaning Cambridge Analytica firmasi Facebook’ning 50 mlndan ko‘proq foydalanuvchisi haqidagi shaxsiy ma'lumotlarni yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.