50 ming so‘mlik soxta pullarni tayyorlagan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Jamiyat 01:36 / 26.04.2018 43356

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan soxta kupyuralarni tayyorlash va ularni Toshkent shahri va uning atrofida muomalaga chiqarishga uringan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston 24 lavhasida xabar qilingan.

Ma'lum qilinishicha, guruh a'zolari T. M., T. M., D. R. o‘tgan qisqa muddat ichida 50 ming so‘m qiymatidagi soxta kupyuralarni tayyorlash bilan shug‘ullanishgan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda Bektemir YPX postida 4 million 900 ming so‘m miqdorda 50 ming so‘mlik qalbaki pullarni Bo‘ka tumaniga jo‘natish paytida fuqaro Sh. qo‘lga olingan. So‘ngra, uning sheriklari ham ushlangan.

Foto: Skrinshot
Foto: Skrinshot

Surishtiruv jarayonida aniqlanishicha, jinoiy guruh tomonidan dastlab 30 million so‘m miqdordagi soxta pullar odamlar ko‘p to‘planadigan jumladan, chorva mollar bozori, kundalik ehtiyojlar sotiladigan joylarda muomalaga kiritilgan.

Ta'kidlash joizki, xuddi shunday jinoyatlarni amalga oshirgani tufayli guruh a'zosi T.M.ga nisbatan avval ham sud organlari tomonidan ozodlikdan cheklash jazosi belgilangandi. Ammo u o‘ziga nisbatan berilgan jazodan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, ushbu jinoyatga takroran qo‘l urmoqda. Surishtiruv davomida ma'lum bo‘lishicha, jinoiy guruh yaqin vaqt ichida katta miqdordagi soxta pullarni muomalaga chiqarishni rejalashtirgandi. Shundan so‘ng, ular o‘z harakatlarida tanaffus e'lon qilib, jinoiy faoliyatini noma'lum muddatga to‘xtatib turishga kelishgandi.

Foto: Skrinshot

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 176-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: