O‘zbekistonda baliq va baliq mahsulotlarini sotuvchi markazlar hamda do‘konlar tarmoqlari ochiladi. KUN.UZ muxbiri Xalqaro Press-klubning "Baliqchilik: yetti xazinaning biri yoxud islohotlarning yangi bosqichi" mavzusidagi sessiyasida berilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
"Baliq yetishtirishni oshirib, ularni sotadigan markazlar va do‘konlar (masalan, "Okean" do‘konlari) ochilmasa, u holda shuncha baliq sotuvlarini yo‘lga qo‘ya olmaymiz. Bu tarmoqlar 100 foiz xususiy bo‘lmaydi, fikrimcha. Ha, muayyan foizi xususiy bo‘lishi mumkin. Bunda xususiy sektorning ishtiroki zarur deb o‘ylayman", - deydi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruhulla Qurbonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda baliq iste'molini oshirish uchun barcha sa'y-harakatlarni bir yo‘nalishda olib borish, aholi uchun baliq mahsulotlarini qo‘lga kiritishning qulay shakllarini taklif qilish kerak. Ruhulla Qurbonov avval shunday do‘konlar bo‘lgani, keyinchalik esa ular qo‘ldan boy berilganini qayd etgan holda, faqat baliq mahsulotlarini sotishga ixtisoslashgan do‘kon va markazlar ochilishi zarurligini ta'kidladi.