18 aprel kuni O‘zbekiston ishbilarmon doirasi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi. 26 aprelga qadar davom etuvchi mazkur tadbirda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A. Abdullayev, "Zomin-Farm" erkin iqtisodiy zonasi rahbari A. Nazarov, Toshkent va Jizzax viloyati hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirok etmoqda.
Mazkur tashrif doirasida Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi Xitoyning farmatsevtika sohasidagi yirik davlat korporatsiyalari – "China Meheco Corparation", "Xitoy Sinopharm International Corparation", "Avic International Ingeneering Company", "Ziu Zhi Co, Ltd" va boshqa shu kabi nufuzli kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi. Muloqotlar chog‘ida hamkorlikning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari aniqlandi:
- Mamlakatimizda talab katta bo‘lgan dori vositalarining substansiyalarini ishlab chiqarishni tashkil etish;
- Yurtimizda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani birgalikda ishlab chiqarishni tashkil qilish;
- Vaktsinalar va tarkibida zardob saqlovchi preparatlarni ishlab chiqarishni tashkillashtirish;
- Mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchilarining yuqori sifatli Xitoy mahsulotlaridan foydalana olish imkoniyatlarini kengaytirish.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari «China Sinopharm International Corparation» va “National Vaccine and Serum Institute” vaksina zavodiga tashrif buyurdi.
Pekin integratsiya rivojlantirish xizmati “Shenteihe” MChJ bilan O‘zbekiston Respublikasida qattiq dori shakllari: tabletkalar, kapsulalar va kukun shakldagi dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga ko‘ra, umumiy qiymati 6 million AQSh dollariga teng shartnoma imzolandi. Loyiha 2018-2020 yillarda “Zomin-Farm” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda mamlakatimiz ishbilarmonlarining Xitoyga tashrifi davom etmoqda. Tashrif yakuniga qadar farmatsevtika sanoatidagi ilg‘or texnologiyalar bilan tanishish va tajriba almashish, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha yana bir qator kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.
Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda 150 dan ortiq farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan 2500 nomga yaqin dori-darmondan tibbiyotimiz amaliyotida keng foydalanilyapti.