Senat to‘ylar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rgandi. Natijalar qanday?

O‘zbekiston 10:36 / 25.04.2018 76400

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish yuzasidan o‘tkazilgan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar bergan.

Tadbirda senatorlar, Madaniyat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, Yoshlar ittifoqi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Savdo-sanoat palatasi kabi davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida qabul qilingan “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari haqida”dagi Qarorning ijrosi tahlil qilindi.

Respublika ishchi guruhi a'zolari ushbu masala bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalarini, shuningdek fuqarolardan kelib tushayotgan taklif va tavsiyalarni muhokama qildilar. Qayd etilganidek, bildirilgan ushbu fikr-mulohaza va takliflar guzarlarda aholiga qulay to‘yxonalar qurish, kafe va restoranlar, san'atkorlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat haqini, oilaviy tadbirlar, ayniqsa, osh berish tadbirlari o‘tkazilish vaqtini tartibga solish, mehmonlar sonini aniqlash masalalarini, shuningdek to‘y bilan bog‘liq turli xil tadbirlar o‘tkazish, asl an'analarimiz va qadriyatlarimizga zid bo‘lgan bema'ni-bachkana odatlarga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq masalalarni hal etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

O‘rganishlar jarayonida aholidan bu borada jamoatchilik nazoratini o‘rnatish zarurligi haqida asosli takliflar kelib tushdi. Tumanlarda istiqomat qiluvchilar hududlarning o‘ziga xos jihatlariga, to‘y-hasham va osh berish marosimlarida ishtirok etuvchilar soniga, to‘y marosimlarini o‘tkazish vaqtida kelin-kuyovni olib yuradigan yengil avtomashinalar miqdoriga alohida e'tibor qaratish lozimligini bildirdilar. Jamiyatda qabul qilingan odob-axloq qoidalariga qat'iy amal qilish zarurligi, shuningdek pullik avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lmagan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishiga, milliy urf-odat va an'analarni mensimaslik, shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilik holatlariga, mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligiga putur yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar ijro etilishini nazorat qilish zarurligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda to‘yxonalarning infratuzilmasini yaxshilash, masalan, avtotransport vositalarini saqlash joylarini barpo etish, kafe va restoranlarga yaqin hududda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik, ovoz darajasi uchun qoida va normalar belgilash, sanitariya-gigiyena qoidalariga, oziq-ovqat mahsulotlari sifat talablariga, xavfsizlikka rioya etish bo‘yicha aholidan kelib tushgan takliflar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda bildirilgan takliflardan kelib chiqib, ishchi guruh a'zolari hududlarga biriktirildi. Ularning zimmasiga hududiy ishchi guruhlar bilan birgalikda tegishli tashkilot vakillarini hamda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va to‘yxona egalarini jalb qilgan holda aholining fikr-mulohazalarini yanada chuqur o‘rganish va takliflarni muhokama qilish, shuningdek mazkur masalaning televideniye, radio, hududiy bosma nashrlar orqali yoritilishini ta'minlash vazifasi topshirildi.
 

Ko‘proq yangiliklar: