Pokiston AQSh elchixonasi harbiy attashesiga mamlakatni tark etishni taqiqladi

Jahon 16:54 / 25.04.2018 6497

Pokiston hukumati AQSh elchixonasining harbiy-havo  attashesi nomini mamlakatni tark etish taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga kiritdi. U bir kishining o‘limi va yana bir kishining og‘ir jarohat olishiga sabab bo‘lgan YTHda ayblanmoqda. Geo TV telekanali shu haqida xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, hukumat qarorini Islomobod Oliy sudiga mamlakat bosh prokurori o‘rinbosari Raja Xolid Mahmud yetkazgan. U sudda mazkur ish yuzasidan ishtirok etar ekan, ayni damda attashe diplomatik immunitet mavjudligi sabab qo‘lga olinishi mumkin emasligini ta'kidladi. Shunday bo‘lsa-da, u diplomatga nisbatan tergov ishi oxiriga yetkazilishi imkonini istisno qilmadi. 

"Agar AQSh diplomatik immunitetni qaytarib olsa, ish sudga oshishi mumkin", - deya izoh beradi Pokiston bosh prokurori o‘rinbosari.

7 aprel kuni diplomat joylashgan avtomobil Islomobod atrofida harakatlanayotgan mototsiklga borib urilgan. YTH natijasida mototsikl haydovchisi Atik Baig voqea joyining o‘zidayoq halok bo‘lgan, uning qarindoshi esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. 

Tergov komissiyasi xulosasiga ko‘ra, YTHga avtomobil haydovchisi tomonidan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi sabab bo‘lgan - diplomat svetoforning qizil chirog‘i yonib turganda yo‘lni kesib o‘tishga uringan. YTHdan so‘ng u voqea joyidan yashirinishga harakat qilgan, biroq birinchi nazorat postining o‘zidayoq to‘xtatilgan. Harbiy attashe diplomatik immunitet mavjudligi sabab hibsga olinmagan, biroq bir necha kundan keyin AQShning Pokistondagi elchisi bu mamlakat TIV tomonidan chaqirtirilgan va unga "kuchli norozilik" bildirilgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: