Otamdan qolgan futbol…

Sport 15:46 / 25.04.2018 21226

Katta yoshli muxlislarimiz «ilgari bu yapon deganini yirik hisobda yutib yurardik» degan gaplarni ko‘p aytishadi, yerga qarab eshitgan bo‘lsam-da, ichimda «yo‘g‘-ye» deb qo‘yardim. Shuni bir tekshirib qo‘yish maqsadida taniqli futbol jurnalisti Vladimir Safarovning «Paxtakor»ning 40 yilligiga bag‘ishlanib yozilgan «Paxtakor»: Match dlinoyu v 40 let» nomli kitobini varaqlab o‘tirib, barchamiz uchun sevimli jamoa tarixidan joy olgan uchta voqea e'tiborimni tortdi va ancha ta'sirlantirdi. Shuni sizlarga ham ilindim.

(Darvoqe, haqiqatdan ham Yaponiya terma jamoasini nuqul yutgan ekanmiz. 1960 yilning kuzida 6:1, 1963 yilning avgustida 1:0, 1976 yilning iyulida 3:1 hisoblarida. Siz ham dalil uchun biror joyga qayd qilib qo‘ying, kelajak avlod «ichida gapirib» o‘tirmaydi, og‘zingizdan chiqmasdanoq, yoqangizga yopishtirishi, hatto jinniga chiqarib qo‘yishi ham mumkin)    

ZeZe MOReYRA BOSh EGADI!

1964 yilda Urugvayning 20 karra chempioni, Montevideoning «Nasional» jamoasi Yevropa bo‘ylab turne uyushtiradi. Toshkentga kelish oldidan urugvayliklar Shvetsiyada «Gyoterborg»ni 2:1 hisobida, Avstriyada Dornbirk terma jamoasi, Germaniyada Augsburg shahri vakillari va Belgiyada «Lej»ni bir xil – 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratadi.  Shuningdek «Nyurnberg», «Torino» kabi jamoalar bilan durang natija qayd etishadi. Moskvada «Spartak» bilan 0:0, Kiyevda «Dinamo» va Olma-otada «Qayrat» bilan o‘tgan uchrashuvlar mos ravishda 2:0 va 1:0 hisobida mehmonlar foydasiga yakun topadi. Xullas to‘qqizta uchrashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan Lotin Amerikasi charm to‘p ustalari Toshkentda so‘nggi uchrashuvlarini «Paxtakor»ga qarshi o‘tkazishgandi.

Ushbu uchrashuv O‘zbekistonda juda katta qiziqish bilan qarshi olindi. Nafaqat poytaxt, boshqa shaharlardan, hatto qo‘shni respublikalardan ham muxlislar oqib kela boshladi. Qiziqish shu darajada ediki, chipta yetmay stadion tashqarisida qolib ketgan minglab ashaddiy futbol muxlislari o‘yin oxirigacha qaytib ketishmagan, stadiondan kelayotgan shovqin-u olqishlarga qarab maydonda bo‘layotgan xodisalardan xabar topishga harakat qilishardi.

Shu o‘rinda barchamiz uchun sevimli «Yor-yor» filmida buyuk aktyorlar Soyib Xo‘jayev va G‘ani A'zamovlar ishtirokidagi stadion sahnasi aynan o‘sha uchrashuv asosida tasvirga olinganligini ta'kidlashni istardim.

Mehmonlarning ustozi futbol olamida Zeze nomi bilan mashhur bo‘lgan braziliyalik Alfredo Moreyra edi. Uning futbolchilik faoliyati unchalik ham yorqin kechmagan bo‘lsa-da, buyuk murabbiy sifatida katta e'tibor qozongan. Braziliyaning «Fluminense», «Botafogo», «San-Paulu» kabi klublarida ishlagan Zeze futbol olamiga, hususan Braziliya futboliga mashhur 4-2-4 sxemasini olib kirgan, aynan shu tizim o‘nlab yillar mobaynida «brazilcha usul» deb nomlandi va jahon futbolidagi taktik taraqqiyotni o‘z ortidan ergashtirdi.

Jamoa juda kuchli tarkib hosil qilgandi, to‘rt hujumchi – Sanfilippo, Urusmendi, Ramos va Akostalar jahon miqyosidagi yulduzlar sanalishar va maydonni golsiz tark etishmasdi. 

O‘sha paytlarda «Paxtakor» oliy ligaga qaytish uchun qattiq kurash olib borayotgan, Krasnitskiy, Lyubushin, Stadnik, Malinovskiy, Melkumov, Tadjirov va Abduraimovlar jamoaning o‘zagiga aylangandilar. Darvozani esa Pshenichnikov qo‘riqlardi. 

Muxlislar kutganidek o‘yin juda jonli boshlandi, 15-daqiqadayoq Sanfilippo darvozaga orqa turgan holatda kutilmagan zarbani ijro etdi va mehmonlar hisobda oldinga chiqib oldi. Ko‘p o‘tmay Vladimir Tadjirov hisobni tenglashtiradi. Krasnitskiy bilan birgalikda darvoza tomon kirib borgan futbolchi hamma sherigiga oshirib berishini kutayotgan pallada zarbani amalga oshiradi — 1:1.

Ikkinchi bo‘limni «Paxtakor» ancha aktiv boshlaydi, mehmonlar darvozasi oldida ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratila boshlanadi. O‘yinning 60-daqiqasida esa Melkumov – Tadjirov – Malinovskiy – Lyubushin kombinatsiyasi samarali yakunlanadi va «Nasional» turne davomida birinchi bor qiyin vaziyatda qoladi. Urugvay chempionining bor kuchi bilan hujumga tashlanishi yordam bermaydi, himoyada bexato harakat qilgan paxtakorchilar g‘alabani saqlab qolishdi.

— Bugungi raqiblarim oldida bosh egaman, - degandi Zeze Moreyra uchrashuvdan so‘ng, — Yevropaning kuchli klublari yigitlarim qarshisida ilojsiz qolishgandi. Aynan Toshkentda mag‘lub bo‘lishimizni umuman xayolimga keltirmagandim. O‘zbek futbolchilarining ahil va jamoaviy o‘yini butun uchrashuv davomida ajoyib taassurot qoldirdi. Eng yaxshisi esa darvozabon va 10-raqamli futbolchi (Tadjirov) edi.

O‘sha uchrashuv muxlislarga olam-olam quvonch ulashish bilan birgalikda, «Paxtakor»ning har qanday raqib oldida osonlikcha taslim bo‘lmasligini, o‘zbek futbolining nufuzini butun dunyoga namoyish qilgan o‘yin sifatida tarixga qayd etildi. Bu tarixiy g‘alaba «Paxtakor» futbolchilarida o‘ziga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini olib kirdi va jamoa mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazib oliy ligaga qaytdi.

SUPeRKUBOK SOHIBINING QULAShI

1975 yil «Dinamo» (Kiyev) ga bag‘ishlangandi. Kiyevliklar mamlakat chempionatida g‘alaba qozonish bilan birgalikda Yevropa Kubok egalari kubogini va Superkubokni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishgandi. Jamoa yetakchisi Oleg Bloxin esa ketma-ket uchinchi bor mamlakatning eng yaxshi futbolchisi nomini qo‘lga kiritgan va Yevropaning eng yaxshi o‘yinchisiga atalgan «Oltin to‘p»ga ham ega chiqqandi. O‘sha paytlarda aniqlanadigan mamlakatning eng yaxshi 33 futbolchisi ruyxatida esa birato‘la 12 (!) nafar dinamochining ismi qayd etilgandi.

Bir yil oldin ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatgan (8-o‘rin) «Paxtakor» uchun esa o‘sha mavsum ancha muvaffaqiyatsiz kechgandi. Ayniqsa so‘nggi natijalarga havas qilib bo‘lmasdi, jamoa so‘nggi 6 uchrashuvning 5tasida mag‘lubiyatga uchragan, xullas, ligani tark etish xavfi «Paxtakor»ni ta'qib qilayotgandi. Jamoa o‘zining oxirgi g‘alabasiga roppa-rosa uch oy oldin, Toshkentda «Ararat» ustidan erishgandi, oldingi turda esa Toshkentda gruziyalik dinamochilarga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

«Dev» va «Pakana» 17 oktabr kuni, navbatdagi turda Toshkentda uchrashdilar. «Paxtakor» (Filatov, Korchenov, Ivanov, Mogilniy, Belov, Serostanov, Jukov, An, Isakov, Fyodorov, Xadzipanagis) o‘z nomini saqlab qolish uchun jon jahdi bilan oldinga tashlandi. Hujumdagi uchlik raqib himoyasini bosim ostiga ola boshlashdi. Nihoyat mehmonlar o‘yinchisi Fomenkoning xatosi hisobning ochilishiga olib keldi. Bo‘ldimi? Mehmonlarning o‘yini ancha ishonchli va baribir barchasi o‘z o‘rniga tushadigandek tasavvur uyg‘otardi. Kiyevliklardan yana birortasining xatoga yo‘l qo‘yishini kutishdan boshqa iloj qolmagandi, go‘yo.

Ammo ikkinchi taymda mezbonlar bosimni yanada oshirishdi. To‘lagan Isoqov ketma-ket ikkita to‘p kiritadi va har ikki vaziyatda ham assistentlik vazifasini Xadzipanagis bajaradi. O‘yin tugashiga 10 daqiqa qolganda mehmonlar darvozaga chamasi 20 metrlar masofada o‘yin qoidasini buzishadi. Jamoa sardori Mixail An to‘pga yaqinlashadi va shunday aylanma zarba beradi-ki, darvozabon Simoxin to‘pni qaytara olmaydi. 88-daqiqada esa An bu safar penaltidan hisobni sharmandali ko‘rinishga olib keladi — 5:0!

Agar birinchi davrada Kiyevda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Paxtakor»ning 1:0 hisobida g‘alaba qozonganligini e'tiborga olsak, bo‘lajak chempion mavsum davomida umumiy 0:6 natija bilan toshkentliklarga boy berganining guvohiga aylanamiz. Qizig‘i, kiyevliklar butun mavsum davomida atigi 4 marotaba mag‘lubiyat alamini totib ko‘rishgandi.

O‘sha g‘alaba ham «Paxtakor»ning oliy ligada jon saqlab qolishi uchun kifoya qilmagandi. Dnepropetrovskda durang o‘ynab qaytgan toshkentliklar so‘nggi ikki uchrashuvni Toshkentda, Moskva spartakchilari va dinamochilariga qarshi o‘tkazishdi. Dastlabki o‘yinda hisob ochilmagan bo‘lsa, «Dinamo» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va «Paxtakor» yana ikki yil oliy liga o‘yinlaridan chetda qolishga majbur bo‘ldi.

Yirik mag‘lubiyatdan 10 kungina oldin «Dinamo» ajoyib tarzda Yevropa chempionlar kubogi sohibi «Bavariya» ustidan g‘alaba qozongan va 100 ming muxlis ko‘z o‘ngida Yevropa Superkubogini qabul qilib olgandi. 

«Superkubok uchun kurashni «Paxtakor» bilan emas, «Bavariya» bilan olib borganliklari kiyevliklar uchun katta baxt» – deb hazillashgandi o‘sha Toshkentdagi o‘yin-topishmoqning guvohiga aylangan mashhur mutaxassislardan biri.

TOShKeNTChA XARAKTeR

1966 yilning 26 aprelida dunyoning barcha telegraf agentliklarida mudhish xabar tarqaldi – «Toshkent shahrida, mahalliy vaqt bilan soat 5:23 da 7.5 balli zilzila sodir bo‘ldi. Yashash uylari, davlat va jamoatchilik binolari yer qimirlashi natijasida vayron bo‘ldi. Shahardagi gaz va suv ta'minotiga putur yetdi, yuzlab insonlar boshpanasiz qoldi».

Xuddi shu kuni, markaziy «Paxtakor» stadionida mamlakat chempionatining navbatdagi uchrashuvi mezbonlar va Minskning «Dinamo» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Taniqli mutaxassis Mixail Yakushin murabbiyligi ostida «Paxtakor» qatorasiga ikkinchi mavsumni ko‘tarinki ruhda boshlagandi. Jamoa dastlabki turlarda «Torpedo», TsSKA va «Zenit» kabi kuchli jamoalar bilan durang natija qayd etdi. Muxlislar aynan belaruslik dinamochilarga qarshi navbatdagi uchrashuvda «Paxtakor» mavsumdagi ilk g‘alabasini nishonlashiga ishonishardi va o‘sha o‘yinni intiqlik bilan kutishayotgandi. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? O‘yin o‘tkaziladimi, axir barchaning ko‘z o‘ngidan falokat arib ulgurgani yo‘q, shaharning har bir burchagi vayrona uylar, singan oynalardan iborat, go‘yoki butun dunyoda xayot to‘xtab qolgandek. Zilzila markaziga yaqinda joylashgan stadion atrofiga ham qarab bo‘lmaydi.
 
Qiziq xalq bo‘lar ekan bu muxlis deganlari. Yer deyarli har soatda kichik silkinishlar bilan o‘zining borligi haqida eslatib turgan, butun shahar bo‘ylab turli tashkiliy shtablar yo‘lga qo‘yilayotgan, ko‘pchilikning miyasida «bugun qayerda tunayman» degan xavotir charx urayotgan bo‘lsa-da, o‘yingohga sevimli jamoasini qo‘llab quvvatlash uchun 50 000 ishqiboz (ellik ming, nolga adashmadim) tashrif buyurdi.

«Paxtakor» o‘yinni qo‘yidagi tarkibda o‘tkazdi: Pshenichnikov, Zokirov, Sharipov, Naumenko, Suyunov, Muxin (Shtern), Tadjirov, Kazakov, Raxmatullayev, Krasnitskiy, Abduraimov

O‘yin ancha qiziqarli o‘tdi, «Paxtakor» yarim himoyasi maydon markazini o‘z qo‘liga oldi va o‘yinda ustunlik qila boshladi. O‘yinning 22-daqiqasida Abduraimov burchakdan to‘pni ajoyib tarzda yetkazib berdi va birato‘la uch paxtakorchi to‘p uchun kurash olib bordi. Hammadan baland sakragan Tadjirov aniq harakat qildi va hisobni ochdi – 1:0.

Havoga turli bosh kiyimlar ucha boshladi, butun stadion golni nishonlay boshladi. Hammasi unutilgandi. Hammasi. Yer bilan bitta bo‘lgan binolar, eski shahardagi qulagan devorlar, Oloy bozori yaqinida shoshilinch ravishda o‘rnatilgan palatkalar... Barchasi unutilgan va muxlislar suyukli futbolchilarining muvaffaqiyatlarini olqishlashardi.

O‘yin davom etdi... ba'zida oyoq osti sezilar-sezilmas qimirlab qo‘yar, hech kim taqdir yana nimalar tayyorlab qo‘yganini bilmasdi. Muxlislar quvnoq sur'atda futbolni tahlil qilishar, o‘yin haqida bahslashishardi. Hammaning qalbiga o‘zgacha iliqlik kirgandi va «hammasi yaxshi bo‘ladi» degan ishonchni barchaga singita olgandi bu futbol. 

O‘sha mavsumni «Paxtakor» yaxshi o‘tkazdi. Jamoa dastlabki 18 uchrashuvni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, birinchi davrani faxrli 3-pog‘onada yakunlagandi. Mavsumning so‘nggi uchrashuvi kuzning oxirlarida, neytral maydonda, Tbilisida Moskvaning «Torpedo»siga qarshi kechdi va o‘sha o‘yindagi durang «Paxtakor»ga 9-o‘rinni olib berdi.

Qahramon Aslanov
Vladimir Safarovning «40 yilga cho‘zilgan o‘yin» kitobi asosida

Ko‘proq yangiliklar: