«Oltin to‘p»ni kim qo‘lga kiritadi?

Sport 16:53 / 25.04.2018 53897

«Oltin to‘p» sovrini har yilning oxirida egasiga topshirilsa-da, kuzda hal qiluvchi o‘yinlar bo‘lmasligidan, odatda, o‘sha yili yakunlanadigan mavsum so‘ngida ko‘p narsa ma'lum bo‘lib ulguradi. Jahon chempionatlari bo‘ladigan, xususan, joriy yil ham istisno bo‘lishi mumkin, lekin tugayotgan mavsumni tahlil qilib, asosiy nomzodlar haqida fikr yuritsa bo‘ladi.

2002 yilda braziliyalik Ronaldo butun mavsumni jarohati tufayli o‘tkazib yuborgan va mundialgacha tiklanib, u yerda terma jamoasiga chempionlikni olib kelgan asosiy futbolchi bo‘lgandi. Bir oy davom etgan musobaqa hujumchi uchun yil yakunlari bo‘yicha eng yaxshi bo‘lishga kifoya qilgandi.

Bu voqea bilan «Oltin to‘p» sovrinida jahon chempionatining ahamiyatini oshirib yubormaslik kerak, masalan, o‘tgan safargi mundialda Xames Rodriges juda yorqin o‘yin ko‘rsatdi, eng ko‘p gol urdi, lekin so‘rovnomada kuchli beshlikka ham kira olmadi.

Rodriges va Ronaldo o‘rtasidagi farq bilan xulosalash mumkin: Ronaldo o‘sha jahon chempionatidan oldin ham o‘z darajasini allaqachon isbotlab ulgurgan top futbolchi edi. Demak, shunchaki, jahon chempionatida o‘ta yorqin o‘yin ko‘rsatish ham «Oltin to‘p»ni kafolatlamaydi – o‘sha musobaqagacha ham top yulduz sifatida o‘zini ko‘rsatgan bo‘lish kerak. 

Foto: Getty Images

Ibrahimovich katta ehtimol bilan mundialda qatnashmaydi, mundialni kutib yotgan boshqa sherlar yo‘q, demak, 2002 yildagi kabi syurprizlarni kutmasdan, hozirdan ushbu sovrin uchun asosiy da'vogarlarni aytish mumkin. 
Leo Messi, Krishtianu Ronaldu, Muhammad Saloh va Kevin De Bryuyne. Mavsumni yuqori saviyada o‘tkazgan, mundial boshlanmasdan «Oltin to‘p» da'vogarlari ruyxatiga o‘z ismini qo‘shib bo‘lgan yulduzlar. Sovrin aynan shu futbolchilar (va boshqalar) o‘rtasidagi kurashda aniqlanishini taxmin qilish mumkin. Keling ushbu futbolchilarning imkoniyatlarini chamalab ko‘ramiz. 

LIONeL MeSSI

Foto: Getty Images

Shubhasiz, dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi. Odatda, da'vogarlardan hech kim hech narsa yutmagan mavsumlarda nazar aynan Leo Messiga tushadi, chunki u dunyoda eng yaxshi futbolchi.

Shu nuqtai nazardan, agar «Real» yoki «Liverpul» YeChL ni yuta olishmasa, mundial oldidan aynan Leo Messi favoritga aylanib qoladi. Chunki Krishtianu Ronaldu ham, Muhammad Saloh ham jamoasi bilan sovrinsiz qolgan bo‘ladi. Messi «Barselona» bilan Ispaniya chempionligini va kubogini yutib bo‘ldi hisob. Yuqorida aytilganidek, jamoaviy ko‘rsatkichlar teng kelib qolganda, Messining imkoniyatlari oshib ketadi. 
Shuningdek, YeChL qanday tugashidan qat'i nazar, agar Argentina jahon chempioni bo‘lsa, yozdayoq Messiga «Oltin to‘p»ni berish mumkin. Zero Argentinaning chempionligi aynan Messining ajoyib o‘yinida sodir bo‘lishi mumkin. Shundog‘am, mavsumni yuqori saviyada o‘tkazgan Messi agar terma jamoasi bilan ham sovrin yutsa, YeChL ning ta'siri deyarli qolmaydi va Messi katta farq bilan raqobatchilarini ortda qoldirishi turgan gap.

Demak, «Oltin to‘p» Messiga tegishi uchun YeChL da «Real» yoki «Liverpul» g‘olib bo‘lmasligi yoki Argentina jahon chempioni bo‘lishi talab etiladi. 

KRIShTIANU RONALDU

Foto: Getty Images

Chempionlar Ligasi qiroli. Har doimgidek, portugaliyalik futbolchi bahorda, hal qiluvchi pallada yuksak sport formasiga qaytdi va bir qator muhim gollar muallifiga aylandi.

«Real» bilan uchinchi marta qatorasiga Chempionlar Ligasini yutish tabiiyki, ushbu turnirda aqlbovar qilmas ko‘rsatkichlarni qayd etayotgan Krishtianuga uchinchi marta qatorasiga «Oltin to‘p»ni olib keladi.

Ispaniyaning o‘zida hech narsa yutmagan bo‘lsa-da, Ronalduni bu raqobatda yengish uchun raqobatchilar o‘z terma jamoalari bilan jahon chempioni bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi.

MUHAMMAD SALOH

Foto: Getty Images

«Liverpul» safida ajoyib mavsum o‘tkazayotgan, jamoasining barcha musobaqalardagi 54 golida qatnashgan Muhammad Salohning bu ruyxatda bo‘lishini yil boshida taxmin qilish qiyin edi, lekin xuddiki anchadan beri misrlik hujumchi top-yulduz bo‘lib kelayotgandek. U Angliyada Ronalduning bir qator rekordlarini yangiladi, Yevropada  «yangi Messi» deb atashmoqda.

Ertak yaxshi tugashi uchun Saloh «Liverpul» bilan birgalikda YeChL da ham g‘olib chiqishi kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, misol uchun, bir oyog‘i bilan finalda bo‘lgan «Liverpul» u yerda «Bavariya»ga yutqazsa, mavsumning eng yorqin o‘yinchisi sifatida Saloh qolaveradi – ammo Rossiya-2018 da Misr favorit jamoa emas, u yerda Messi yoki Ronaldu kabi uzoqqa borish Salohga nasib qilmasligi mumkin.

Foto: Getty Images

Demak agar YeChLda «Liverpul» g‘alaba qozona olmasa, Saloh favorit bo‘lmay qolishi mumkin. Ammo o‘sha holatda ham, agar misrlik hujumchi jahon chempionati va muhimi, qaysi klub safida bo‘lishidan qat'i nazar kuzdagi o‘yinlarda bugungi ko‘rsatayotgan o‘yinini davom ettirsa, u yana asosiy da'vogarga aylanishi mumkin.

Birinchidan, Messi va Ronaldu gegemonligidan to‘ygan futbol jamoatchiligi uchun Saloh juda yoqimtoy nomzod, ikkinchidan, faqat bir yilni top darajada o‘tkazayotgan futbolchiga bo‘lgan shubhalar tarqalib ketishi uchun Saloh yil oxirigacha shu darajasini ushlab turishi kerak. 

KeVIN De BRYuYNe

Foto: Getty Images

Gvardiolaning norozi bo‘lganicha bor. Kevin de Bryuyne ajoyib mavsum o‘tkazmoqda – APL dagi golli paslar, yaratilgan xavfli vaziyatlar, raqib maydonida to‘pni egallash, o‘rtacha baho, o‘tkir paslar, umuman o‘z pozitsiyasi uchun qanday ko‘rsatkichlar talab qilinsa, barchasi bo‘yicha, De Bryuyne yetakchi bo‘ldi. «Manchester Siti» «Liverpul»dan 22 ochkoga oldinda bormoqda, shunday bo‘lsa ham, Angliyaning eng yaxshi o‘yinchisi unvoni Salohga topshirildi.

Salohning ko‘p gol urgani, ya'ni hujumning yakuniy qismlarida ko‘proq ko‘zga tashlangani, shuningdek, jamoasining gollaridagi ulushi kattaroq bo‘lgani misrlik hujumchiga qo‘l keldi. Qaysidir ma'noda, Gvardiolaning o‘zi Kevinga pand bergani ehtimol, sababi, «Manchester Siti»da baribir jamoaviylik ustunroq, hujumlarda Sterling, Sane, Silva, Aguero va boshqa futbolchilar ham ko‘proq ishtirok etishgan.

Shunday bo‘lsa-da, aytaylik, Belgiya terma jamoasi bilan mundial g‘olibi bo‘lish Kevin de Bryuyneni «Oltin to‘p»ning asosiy da'vogari aylantiradi. Tarkib nuqtai nazaridan belgiyaliklarning qo‘lidan bu ish keladi. 

VA BOShQALAR: GRIZMANN VA NeYMAR

Foto: Getty Images

Har ikki futbolchi o‘tgan mavsumlarda ham «Oltin to‘p»dan u qadar uzoq bo‘lishmadi. Ushbu mavsum har ikki futbolchi uchun yorqin kechmagan bo‘lsa-da, umuman olganda, ma'lum darajadan pastga ham tushib ketishmadi.

Foto: Getty Images

Demak, Braziliya yoki Fransiyaning chempionligi hozircha biroz soyada qolayotgan ushbu futbolchilarni ham kurashda favoritlar qatoriga qo‘shishi mumkin. O‘z terma jamoalarida yetakchi bo‘lgan bu yulduzlar bemalol jamoadoshlarini bosh sovrin sari yetaklab borishga qodirlar. 

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: