Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatiga eng ko‘p pul to‘lamayotgan hududlar - Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryo

O‘zbekiston 23:14 / 25.04.2018 7974

Mahalliy hokimliklar tomonidan «Toza hudud» korxonalaridagi maxsus texnikalarni boshqa yo‘nalish va ishlarga jalb etish holatlari so‘nggi paytda ko‘plab uchramoqda. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Oybek Adhamjonovning ta'kidlashicha, shu oqibatda, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvallari buzilmoqda, aholi tomonidan ko‘plab e'tirozlar bildirilmoqda, «Toza hudud» korxonalari xarajatlari oshib ketmoqda.

25 aprel kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida tashkil etilgan matbuot anjumanida sohada erishilgan yutuqlar, kamchilik va vazifalar haqida so‘z bordi. Xususan, 1970–1990-yillarda respublikaning ayrim hududlarida tashkil etilgan maishiy chiqindi poligonlarining aksariyati zamon talablariga javob bermay qolgani haqida aytilarkan, ushbu poligonlarni tartibga keltirish ishlari sust olib borilayotgani ham bildirildi.

«​Ayniqsa, maishiy chiqindi poligonlarining faoliyatini sanitar-gigiyenik talablar asosida tashkil etish, poligonlardagi mavjud va kunlik chiqindilarni tartibga keltirish ishlari uchun maxsus texnikalar yetishmaydi. Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlarini to‘la yo‘lga qo‘yish borasida aholi bilan shartnomalarni tuzish va to‘lovlarni undirish bo‘yicha qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni undirish ko‘rsatkichi 52 foizni (Qoraqalpog‘iston Respublikasida - 22 %, Qashqadaryo viloyatida - 32 %, Farg‘ona viloyatida - 40 %, Namangan viloyatida - 38 %, Samarqand viloyatida - 45 %, Xorazm viloyatida - 46 %, Andijon viloyatida - 48 %) tashkil etib, 14 mlrd. so‘mlik debitor qarzdorlik vujudga kelgan. Bu esa, o‘z navbatida, «Toza hudud» korxonalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga salbiy ta'sir etmoqda. Mazkur masalada mahalliy hokimliklar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan yetarli darajada amaliy yordam berilmayapti»​, deydi rais birinchi o‘rinbosari.

Tadbirda mavjud muammolarni hal etish maqsadida maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha Qo‘mita tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilganligi ta'kidlab o‘tildi.

Ma'lum qilinishicha, qo‘mita tomonidan 16 mingdan ziyod atrof-muhitni ifloslantiruvchi manba monitoring qilindi. Bunda me'yorlardan ortiq atrof-muhitni ifloslantiruvchi 694 manba aniqlandi va qariyb 1,5 mlrd so‘m miqdorida to‘lov va jarimalar belgilangan. Atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonun talablarini buzganlik uchun 15,1 ming nafar mansabdor shaxs va fuqarolarga nisbatan ma'muriy choralar qo‘llanilgani va 2 245 ta obektga nisbatan da'volar taqdim etilgani e'tirof etildi.

Ko‘proq yangiliklar: