O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utemboyev bilan uchrashdi. Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
Qozog‘iston diplomatik missiyasi rahbari tashqi savdo vaziri bilan 2018 yilning ikkinchi yarmida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston-Qozog‘iston forumiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. Forumga samarali tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Xodjayev va Utemboyev muntazam uchrashuvlar va maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib olishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama hamda mintaqalararo hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi.
Tashqi savdo vaziri va Qozog‘iston elchisi Qozog‘istonning logistik kompaniyalarini O‘zbekiston xablaridan foydalanishga jalb qilishga kelishib olishdi, bu Qozog‘istonning tashqi savdo yuklariga janubiy va sharqiy yo‘nalishdagi istiqbolli bozorlarga chiqish, shuningdek O‘zbekiston hududi bo‘ylab tranzit tashuvlar hajmini oshirish imkonini beradi. Tashqi savdo vaziri tez orada qozog‘istonlik ishbilarmonlarning "Termiz kargo markazi" logistik terminaliga tashrifini tashkillashtirishni taklif qildi, bundan maqsad - qo‘shni mamlakat ishbilarmonlarini ushbu kargo markazi imkoniyatlari bilan tanishtirish.
Shuningdek Qozog‘iston tomon hamkorlikdagi to‘qimachilik korxonalarini yaratish imkonini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Qozog‘iston elchisining ta'kidlashicha, ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirib turadi va turli sohalardagi kooperatsiya qo‘shni respublikalar rivojiga turtki beradi.
Tomonlar O‘zbekistondan avtobus xarid qilish uchun kredit vositalari shartlarini muhokama qilishdi. Elchixona vakillarining qayd etishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi transportiga Qozog‘iston bozorida talab katta.