Kadrlar siyosati: ish tajribasi muhimmi yoki qaynonasining ismi?

Jamiyat 20:16 / 25.04.2018 30780

Bizdagi kadrlar haqidagi ma'lumotnoma (obektivka)lar haqida qiziq fakt. Bilasizmi, xorijiy davlatlarda individning o‘zigina qiziq. U qachon tug‘ilgani, qanday ma'lumot olgani, nimalar chop etgani-yu, qaysi trening va seminarlarda qatnashgani, qaysi ishlarni bajargani va h.k. Ularni hattoki insonning uylangan-uylanmagani ham qiziqtirmaydi. Chunki bu — uning shaxsiy hayoti.

Bizning kadrshunoslarimiz insonning shaxsiy hayotiga «burun suqish»ni juda yaxshi ko‘rishadi. Ularni ishda nimalar bilan shug‘ullanganingiz, xorijiy tillarni qay darajada bilishingiz, qaysi treninglarda ishtirok etganingiz mutlaqo qiziqtirmaydi, shunchaki ish joyi va u yerda ishlaganini bildiruvchi muddat ko‘rsatilsa bas.«Ishlasa ishlabdi-da, bizga nima».

Lekin ularga otangiz, qaynonangiz, akangiz va singlingizning ismi va tug‘ilgan yilini bilish juda muhim.

Bir qadam ortga — tarixga nazar tashlaymiz. 1935 yildan buyon Markaziy Qo‘mita apparati nomenklatura kadrlarini hisobga olishning yangi shaklidan (ma'lumotnoma-obektivkalardan) foydalana boshlaydi.Ha, NKVD hamma narsani bilishni istardi. Millati, partiyaviyligi va sizning yaqin qarindoshlaringiz haqidagi jamiki ma'lumotlarni.

Yaqin qarindoshlar haqidagi ma'lumotlar tekshirish uchun kerak edi. Balkim sudlangan chiqib qolar, balkim «xalq dushmani». Yaqin qarindoshlaridan biri sudlangan faqir hech qachon yaxshi karera qila olmasdi.

Xo‘sh, O‘zbekiston qachon eskilik sarqiti bo‘lgan bunday ma'lumotnomalardan voz kechadi?

Qaysi partiyaga oidligi nega kerak, masalan? Ha, partiya SSSR vaqtida juda mashhur edi. Naq kommunistik partiya! Alhol, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga 27 yil bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekistonda 4 ta siyosiy partiya mavjud, lekin ularga a'zolik ixtiyoriy asosda, adashmasak.

Odam xalq deputatlari yoki saylov organlari a'zosimi? Balkim boshqacharoq savol bergan ma'quldir: bu odam qandaydir xalqaro tashkilot, nodavlat-notijorat tashkilot yoki jamiyat a'zosimi  qabilida?

Davlat mukofotlariga egami? Aytaylik, ega. Bu karera o‘sishida nechog‘lik ahamiyatli?

Hech qursa XXI asrning eng mashhur savolini beringlar. Bu odam kompyuterda ishlashni biladimi, bilsa, qaysi dasturlardan foydalanishni biladi, deb.

Nihoyat, iltimos, nomzodning otasi, onasi, xotini, farzandlari va qaynonasini tinch qo‘yinglar!

Balkim «obektivka»dan voz kechish vaqti yetib kelgandir?

Insonning o‘zi bilan qiziqing.Kim u? Sizga qanday foyda keltira olishi mumkin? Uning muayyan tajribasi nimalardan iborat? Unga qo‘shimcha treninglar zarurmi?

Eng qimmatbaho resurs — bu inson resursi, partiyaviyligi va nishonlari emas.

Ko‘proq yangiliklar: