Joriy yilning 23 aprelidan 4 mayiga qadar O‘zbekistonda Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) Statistika Departamenti ishchi missiyasi o‘z faoliyatini olib bormoqda. Missiyaga XVJ Statistika departamentining Real sektor bo‘limi iqtisodchisi Levan Gogoberishvili boshchilik qilmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Missiyaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda milliy hisobchilikning hozirgi holati bilan tanishish, uni yanada takomillashtirish uchun hamkorlik qilish bo‘yicha batafsil reja ishlab chiqish va Davlat statistika qo‘mitasi mas'ul xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etish hisoblanadi.
Shuningdek, missiya tashrifi davomida makroiqtisodiy statistikani shakllantiruvchi va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar monitoringini amalga oshiruvchi boshqa vazirlik va idoralar (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank va Moliya vazirligi) vakillari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Tashrif dasturiga muvofiq 23 aprel kuni Davlat statistika qo‘mitasida tegishli boshqarma xodimlari uchun kirish o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Missiya ishi davom etmoqda.