Yerga xususiy mulkchilik zarurmi?

Jamiyat 09:55 / 25.04.2018 18149

Yer – strategik zaxira va davlatga tegishli bo‘lishi kerak. Ushbu fikr O‘zbekistonda yuz yildan buyon hukmronlik qilib keladi. Biroq bozor iqtisodiyoti xususiy mulksiz rivojlana olmaydi. Uni yerga joriy etish vaqti kelmadimikan – Norma sharhida shu masala haqida so‘z yuritilgan.

Konstitutsiyaning 55-moddasida aytilishicha: yer hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir. Fuqarolik kodeksining 214-moddasi, «O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida»gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq yer respublika mulkiga kiradi. Lekin hammasi emas.

XX asrning 90-yillari o‘rtasida savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obektlari ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga xususiylashtirildi. Bu quyidagilarga muvofiq amalga oshirildi:

• «Yer to‘g‘risida»gi Qonunga (o‘z kuchini yo‘qotgan);
• Vazirlar Mahkamasining 11.04.1995 yildagi «Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda hamda yer maydonlarini meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish tartibi to‘g‘risida»gi 126-son qaroriga.
 Natijada keyinroq qabul qilingan Yer kodeksida (18-moddasi) ushbu xususiylashtirishda qatnashgan yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi aks ettirildi. Bundan tashqari, quyidagilar mulk huquqini olishlari mumkin:
 • diplomatiya vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan tashkilotlar – ularga o‘zlari vakolatxona binosi sifatida foydalanayotgan imorat yoki imoratning qismlari, shu jumladan vakolatxona boshlig‘ining qarorgohi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, shuningdek mazkur vakolatxonalarning imoratlarini qurish uchun yer uchastkalari realizatsiya qilinganda;
 • diplomatiya korpusi xodimlari, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan matbuot vakillari, firmalar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar doimiy vakolatxonalari xodimlari, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarda doimiy asosda ishlovchi chet ellik shaxslar, shuningdek respublikada doimiy istiqomat qiluvchi va yashash uchun guvohnomasi bo‘lgan shaxslar – ularga uy-joy binolari shu binolar joylashgan yer uchastkalari bilan birga realizatsiya qilinganda.

Ko‘rsatilgan hollar – kam uchraydigan istisnoli hollar. Aksariyat yuridik va jismoniy shaxslarga yerga xususiy tartibda egalik qilishga ruxsat berilmaydi. Buning o‘rniga quyidagilar amal qiladi:

 • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi – faqat O‘zbekiston fuqarolariga dehqon xo‘jaligi yuritish, yakka tartibda uy-joy qurish (yakka tartibdagi turar joy), jamoa bog‘dorchiligi va uzumchiligi yuritish uchun (dalahovliga) yer beriladi;
 • doimiy egalik qilish huquqi – korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qishloq va o‘rmon xo‘jaligi yuritish uchun (fermer va dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno) yer beriladi;
 • doimiy yoki muddatli (vaqtincha) foydalanish huquqi – O‘zbekiston fuqarolariga, sanoat, transport hamda boshqa noqishloq xo‘jalik korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga beriladi (asosan tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun onlayn-auksionda, batafsilroq – bu yerda);
 • ijara huquqi – fermer xo‘jaliklariga, shuningdek asosan tadbirkorlik sub'yektlariga beriladi.

2006 yilda xususiylashtirishning ikkinchi bosqichini o‘tkazishga urinib ko‘rildi. Prezidentning 24.07.2006 yildagi «Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi PF–3780-son Farmoni qabul qilindi. Bino va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi obektlari, shuningdek fuqarolarning yakka tartibdagi turar joylari joylashgan yer uchastkalariga mulk huquqini berish rejalashtirilgan (qishloq xo‘jaligi yerlari to‘g‘risida so‘z bormagan). Buning uchun Vazirlar Mahkamasi hatto tayyorgarlik ishlarini ham boshlagan edi. Biroq amaliy ishlar qilinmadi.

Muallifning fikricha, qonun hujjatlariga muvofiq mulkdor va mulkdor bo‘lmaganlarning yerga doir huquqlari kafolatlanishida uncha farq bo‘lmagani uchun o‘shanda islohot ish bermadi.

Birinchidan, yer mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari bir xilda yer solig‘ini to‘laydilar (ijaraga oluvchilar uchun stavka bo‘yicha ijara to‘lovlarini to‘lash yer solig‘ini to‘lash deb hisoblanadi, Soliq kodeksining XII bo‘limiga qarang). Shu tariqa, iqtisodiy jihatdan yerni sotib olishdan naf bo‘lmagan. 

Ikkinchidan, mulkdorlar ham, mulkdor bo‘lmaganlar ham yerning davlat va jamoat ehtiyojlari uchun bir tomonlama olib qo‘yilishidan (sotib olinishidan) himoyalanmagan (Yer kodeksining 37-moddasi). Ya'ni mulkdorlik maqomi – yer uchastkasi saqlanishiga kafolat bo‘la olmaydi.

Bunday olib qo‘yish (sotib olish) imkoniyati qonunchiligimizga xos xususiyat bo‘lib, natsionalizatsiya qilish va rekvizitsiya o‘tkazishdek umumqabul qilingan tushunchadan jiddiy farqlanadi. Uchala holatning barchasida mol-mulk pul evaziga olinadi. Biroq, masalan, natsionalizatsiya qilishda u davlat mulkiga o‘tadi. Davlat keyinchalik ushbu aktivdan xalos bo‘lishga qaror qilsa, sobiq mulkdor mol-mulk qaytarib berilishini talab qilishga haqli bo‘ladi (Fuqarolik kodeksining 202-moddasi). Rekvizitsiya o‘tkazishga esa faqat favqulodda vaziyatlarda (avariyalar, katastrofalar va h.k.) yo‘l qo‘yiladi. Ushbu vaziyatlarning amal qilishi to‘xtaganidan keyin rekvizitsiya qilingan mol-mulkning sobiq egasi, xususiy mulkni davlat mulkiga aylantirishda bo‘lganidek, uni o‘ziga qaytarib berishni talab qilishga haqli (Fuqarolik kodeksining 203-moddasi).

Olib qo‘yish (sotib olish) butunlay boshqacha amalga oshiriladi – uchastkani bir tadbirkordan olib qo‘yib, boshqasiga berishlari, yoxud fuqarolarning yakka tartibdagi turar joylari o‘rnida tijorat faoliyati yuritilishi (qimmat kvartiralardan iborat ko‘p qavatli uy barpo etilishi, savdo markazi ishlashi va h.k.) uchun ularni buzib tashlashlari mumkin. «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun» mavhum iborasi esa ana shunday ish qilishga yo‘l ochib beradi (Yer kodeksining 37-moddasiga qarang). Ko‘rinib turganidek, bir tomondan, davlat va jamoat ehtiyojlari, boshqa tomondan, xususiy shaxslarning (quruvchilar, investorlarning) tijorat manfaatlari o‘rtasida aniq belgilangan chegara yo‘q. Ular aralashtirib yuborilgan. Shu o‘rinda yer uchastkasining yangi sohibi, birinchidan, keyinchalik uning o‘zidan ham yer olib qo‘yilishidan, ikkinchidan esa, yerni bo‘shatish uchun iqtisodiy talablarni xuddi shunday investorga bildira olishidan yuridik jihatdan sug‘urtalanmagan. 

Ma'lumot uchun: qo‘shni Qozog‘istonda faqat istisnoli holatlarda yer uchastkalari olib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yiladi, ularga quyidagilar kiritilgan: 

1) Qozog‘iston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlar; 
2) mudofaa va milliy xavfsizlik ehtiyojlari uchun, alohida qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik bo‘lgan, maxsus iqtisodiy zonalarni barpo etish va ularning faoliyat yuritishi uchun; 
3) foydali qazilma konlarini topish va qazish;
4) avtomobil va temir yo‘llarni qurish (rekonstruksiya qilish), aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetik tizimlar obektlari va elektr uzatish liniyalari, aloqa liniyalari, kosmik faoliyatni ta'minlovchi obektlar, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kontsession loyihalarni amalga oshirish, aholi punktlarining umumiy foydalaniladigan obektlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
5) ushbu moddada belgilangan istisnoli hollar ro‘yxatiga kiruvchi obektlar qurilishi qismida aholi punktlari bosh rejalarini ijro etish, shuningdek byudjyet mablag‘lari hisobiga Qozog‘iston Respublikasi Davlat rejalashtirish tizimi hujjatlarida nazarda tutilgan obektlar qurilishi uchun yerlarni berish.

O‘zbekiston qonunchiligidagi bunday ahvol – xo‘jalik yuritishning ma'muriy-buyruqbozlik tizimidan meros. Zero, mohiyatan olganda, ushbu sohadagi zamonaviy huquqiy rejim 1917 yildagi Yer to‘g‘risidagi dekret qoidalariga ko‘p jihatdan o‘xshash: yerga xususiy mulkchilik yo‘q, yerni sotib olish va sotish, uni ijaraga, garov sifatida berish taqiqlanadi va h.k. Shu bilan birga, inqilobgacha O‘zbekiston hududida yerga mulkchilik mavjud bo‘lgan, olimlarning tasdiqlashlaricha, u davlat mulki bilan uyg‘un tarzda mavjud bo‘lgan.

To‘g‘ri, o‘sha paytda aholi ko‘payishi va yer-suv zaxiralari cheklanishi muammosi bo‘lmagan deyish mumkin. Darhaqiqat, bir qarashda mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini faqat unumdor yerning har bir kvadrat metrini nazorat qilish yo‘li bilan ta'minlash mumkindek, bunda yerga davlat mulkchiligi – undan maqsadli va oqilona foydalanish kafolatidek ko‘rinadi. Biroq rivojlangan mamlakatlarda agrar sektor iqtisodiyotning lokomotivi hisoblanmaydi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga xususiy mulkchilikning joriy etilishi masalasini umuman oxirgi navbatga surib qo‘yish mumkin. Zamonaviy iqtisodiyot – shaharlar iqtisodiyoti, o‘sish va rivojlanish aynan shu yerda bo‘ladi.

Birinchi navbatda, sanoat, savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi hamda shaharlar, qishloqlar va ovullardagi oddiy aholi yerga xususiy mulkchilikka va u ishonchli himoya qilinishiga muhtoj. U yo‘q bo‘lsa – ichki investitsiyalarni iqtisodiyotga safarbar qilish yo‘lida ortiqcha to‘siq bo‘ladi. Qo‘yilmalar saqlanishi kafolatlanmasa, hech kim investitsiya kiritmaydi. Biznes va ko‘chmas mulkka har qanday qo‘yilma, u yoki bu jihatdan yerga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq. Bu haqda o‘ylab ko‘rish vaqti keldi.

Ko‘proq yangiliklar: