Joriy yilning 16 apreldan 22 apreligacha bo‘lgan davr mobaynida “O‘zRTXB” AJda 570,1 mlrd so‘mlik bitimlar tuzilib, avvalgi haftaga nisbatan 10,5%ga pasaydi. Bu haqda "O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda birja savdolarining hajmi 587,3 mlrd so‘mdan 548,2 mlrd so‘mga tushdi. Sotuvlar bo‘yicha qurilish mollari birinchi o‘rinni 33% bilan egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda kimyo mahsulotlarida bo‘lib, birja bozorining 16% ni egalladi. Keyingi o‘rinda neft mahsulotlari joylashgan bo‘lib, uning ulushi 11,1% ni tashkil qiladi.
Valyuta savdo maydonchasi orqali 1,5 mln AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar sotildi. Shu jumladan, rangli metall ulushi 74%, paxta tolasi 15%, polietilen 5%, sanoat moyi 6%ni tashkil etdi.
O‘tgan hafta mobaynida birjaning onlayn auksionlari orqali 45ta avtomobil raqam belgilari sotildi. Bulardan 39tasi jismoniy shaxslarga, 6tasi yuridik shaxslarga sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 554,9 mln so‘mni tashkil qildi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning deyarli 70% oliy toifadagi avtoraqamlarga, 22% bitimlar 2-toifa avtoraqamlar va 8% bitimlar 3-toifa avtoraqamlar bo‘yicha tuzilgan.
Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Qashqadaryo va Farg‘ona viloyati avto havaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 20%ga yetdi. Keyingi o‘rinda Toshkent va Toshkent viloyati avto havaskorlari 15% ulush bilan joylashdi. Uchinchi o‘rindagi Andijon va Samarqand viloyatlari har birining ulushi 11%dan tashkil etdi. Qolgan barcha hududlarning ulushi 23%ni tashkil etdi.