Samolyotdan olma bilan chiqqan amerikalik 500 dollarlik jarimaga tortildi

Jahon 22:30 / 24.04.2018 10024

Kolorado shtatida yashovchi Kristal Tedlok samolyotdan olma olib chiqqani uchun 500 dollar miqdoridagi jarimaga tortildi. Mevalar Delta aviakompaniyasi reysida tarqatilgan, biroq ayol uni o‘zi bilan olishni ma'qul ko‘rgan, bu esa AQSh bojxona qoidalariga ziddir.

Foto WCMH

Bort kuzatuvchisi Tedlokning olmasini paketga solib qo‘liga tutqazganida u Parijdan Denverga qaytayotgan edi. Uning qorni ochmagani bois olmani Kolorado reysiga o‘tishda yemoqchi bo‘ldi. Aeroportda amerikalik ayolni bojxona nazorati xodimi to‘xtatdi va uning sumkasini ko‘zdan kechirdi - olmani ko‘rib, 500 dollar miqdoridagi jarimaga tortdi. Shuningdek uning ishonchli yo‘lovchilarga tekshiruvdan tezroq o‘tish imkonini beruvchi Global Entry mavqeini bekor qilishdi. 

Tedlokning so‘zlariga ko‘ra, Delta xodimlarining birortasi uni mevani samolyotdan chiqquncha yeb bo‘lishi kerakligidan ogohlantirmagan. "Qandaydir bir mevani deb insonning o‘zini jinoyatchidek his qilishi yoqimsiz", - qo‘shimcha qildi amerikalik ayol.

CNN telekanalida ta'kidlanishicha, AQSh qoidalariga ko‘ra, xalqaro reyslarning yo‘lovchilari har qanday sarxil mevalarni parvozdan oldin deklaratsiya qilishi kerak, aks holda jarimaga tortiladi.

Delta'da izoh berilishicha, qoidalarda mevalar va boshqa mahsulotlar haqidagi punktlar aniq qilib yozib qo‘yilgan va yo‘lovchilardan mevalarni samolyotdan chiqqunga qadar yeyish so‘ralgan. AQSh bojxona xizmatida cheklovlar anchadan buyon mavjudligi, deklaratsiya qilinmagan mevalar utilizatsiya qilinishi, yo‘lovchilar esa ming dollargacha jarimaga tortilishi qayd etildi. 

Aviakompaniya va rasmiylar javobiga qaramay, Tedlok 12 kun ichida to‘lanishi kerak bo‘lgan jarima bekor qilinishiga erishmoqchi. Uning ishonch bilan ta'kidlanishicha, bojxona xodimi o‘zini haddan tashqari qo‘pol tutgan, aeroportda esa sarxil mevalarga doir ogohlantirishlar bo‘lmagan. Shuningdek amerikalik 160 dollarlik Global Entry mavqeini qaytarib olmoqchi.

Ko‘proq yangiliklar: