“O‘zRTXB” AJ markaziy binosida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan hamkorlikda davlat xaridlari bo‘yicha seminar tashkil etildi. Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunining mazmun va mohiyati haqida tushuncha berishdir, deb xabar qilmoqda "O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati.
Tadbirda elektron davlat xaridlarini potensial yetkazib beruvchilar bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillari ishtirok etdilar.
Seminarda davlat xaridlari sohasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi vakillik organi ekanligi ta'kidlandi. Agentlik davlat xaridlari sohasida davlat siyosatini olib boradi, shuningdek, davlat xaridlarining shaffofligi va ochiqligini ta'minlashga imkon beruvchi maxsus axborot portal operatorini belgilab beradi. Portalga davlat xaridlari bo‘yicha barcha e'lonlar joylashtiriladi va elektron do‘kon hamda boshlang‘ich narxning pasayib borishiga yo‘naltirilgan auksion amalga oshiriladi.
Yangi qonunni muhokama qilish chog‘ida davlat xaridlari bo‘yicha yaratilgan elektron savdo tizimining demo, ya'ni sinov dasturi taqdim etildi. Sinov tariqasida yetkazib beruvchilarni akkreditatsiya qilish jarayoni, elektron do‘konga talabnoma joylashtirish metodikasi va boshlang‘ich narxning pasayib borishiga yo‘naltirilgan auksionda ishtirok etish tartibi namoyish etildi. Shartnoma majburiyatlarini ijro etish bo‘yicha kafolatni ta'minlash va xaridlarni amalga oshiruvchi ishtirokchilar o‘rtasidagi hisob-kitobni olib borish sohasiga kiritilgan yangiliklar batafsil o‘rganib chiqildi.
Yangi mexanizmni ishlab chiqish jarayonida davlat xaridlarini yetkazib beruvchilar hamda buyurtmachilarga imkon boricha qulayliklar yaratishga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, ular qog‘oz formatdagi kelishuvlarni imzolashni talab qilmaydigan elektron raqamli imzo yordamida elektron xaridlarda ishtirok etishlari mumkin. G‘olibni aniqlash ham inson omilining aralashuvisiz avtomatik tizim asosida amalga oshiriladi.