Butunjahon bankining 23 aprel, dushanba kuni tarqatgan hisobotida Rossiya Federatsiyasidan Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalari hajmi 21 foizga oshganligi qayd etilgan.
Yevropa mamlakatlari va Markaziy Osiyoga pul o‘tkazmalari hajmi 21 foizga oshib, 48 milliard dollarni tashkil etgan.
«Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlariga pul o‘tkazmalari uch yillik pasayishdan so‘ng keskin oshib ketgan. Oshishiga bosh sabab sifatida Yevrozona, Rossiya va Qozog‘istondagi yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlari va ishga joylashish istiqbollari ko‘rsatilmoqda; shuningdek, AQSh dollariga nisbatan yevro va rubl qadrining 2015 yildagi 22 foizlik pasayishdan so‘ng yuksala boshlagani ham», — deyiladi hujjatda.
Mutaxassislarning baholashlaricha, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich yana 6 foizga ko‘payadi va mintaqada iqtisodiy o‘sish barqarorlashuvi natijasida 51 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Rossiyadan MDH davlatlariga 12 milliard 906 million AQSh dollari miqdorida pul jo‘natmalari o‘tkazilgani haqida ilgariroq xabar bergan edik. O‘zbekiston mablag‘lar pul o‘tkazish tizimlari orqali o‘tkaziladigan mamlakatlar ichra yetakchi — o‘tgan yili mamlakatimizga Rossiyadan qariyb 4 milliard dollar pul jo‘natishgan.