O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari Yevropa bozori sertifikatsiyasiga ega bo‘lmoqda

Iqtisodiyot 15:10 / 22.04.2018 5522

"O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligidagi "Yevropa bozori uchun to‘qimachilik mahsulotlari sertifikatsiyasi" mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir sohada zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish, tashqi bozorda mahalliy to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning Yevropa bozorlariga chiqishini soddalashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Assotsiatsiya matbuot kotibi KUN.UZ'ga shu haqida xabar berdi.

"O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasining FI Hohenstein (Germaniyaning Xoxenshtayn tadqiqot instituti) bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanida O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatsiya agentligi bosh direktori o‘rinbosari Muzaffar Xamzayev, vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek O‘zbekistonning tekstil kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.

Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Seminar davomida "O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasi raisi I.U.Haydarov respublikada sifatli to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarining keng assortimentini ishlab chiqarish, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda soha rivoji uchun zarur huquqiy baza va qulay sharoitlar shakllantirildi. Shunday bo‘lsa-da, mahsulotlar sinoviga yo‘naltirilgan laboratoriyalarning past samaradorligi va ularning aksariyatida xalqaro akkreditatsiyalarning yo‘qligi eksport salohiyatini oshirishga to‘sqinliq qilmoqda.

Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Shuningdek milliy standartlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish va sifat menejmentiga zamonaviy tizimlarni keng tatbiq qilish mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga va tashqi savdodagi to‘siqlarni bartaraf etishga yordam beradi.

Seminarda Germaniyaning Xoxenshtayn tadqiqot instituti asoschisi va prezidenti Stefan Mixels taqdimot bilan ishtirok etdi.

Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Ma'lumot uchun: Hohenstein Institute — Germaniyaning xalqaro miqyosda tan olingan to‘qimachilik tadqiqotlari va servisi mustaqil markazi. Uning labaratoriyalari mahsulotlarning sifatini neytral va mustaqil tekshiruvini amalga oshiradi.

Bundan tashqari, Germaniya delegatsiyasi UZTEX Group'da bo‘ldi. U yerda germaniyalik mutaxassislarni UZTEX mahsulotlari Yevropa Ittifoqi va MDH mamlakatlariga, shuningdek AQSh, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va ko‘plab boshqa davlatlarga eksport qilinishi haqida ma'lumot berildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, UZTEX Group kompaniyasiga tantanali ravishda «Oeko-Tex Standard 100» sertifikati topshirildi. Bu kompaniyaning tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tgani bildirib, endi unga to‘qimachilik mahsulotlarini Oeko-Tex yorlig‘i bilan taqdim etish huquqini beradi.

Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat assotsiatsiyasi matbuot xizmati

«Oeko-Tex Standard 100» – bu xomashyo, oraliq va yakuniy mahsulotni ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida mustaqil tekshiruv tizimi.

 

Ko‘proq yangiliklar: