Sabr o‘z so‘zini aytdi: Murodjon aka Turkiyadan yurib qaytdi

Jamiyat 22:00 / 21.04.2018 34242

Xabaringiz bor, bir muddat avval ikki oyog‘idan ajragan Murodjon Saidmahmudov uchun KUN.UZ tahririyati xayriya aksiyasini uyushtirgan edi. Oyoqlaridagi og‘riq tufayli shifoxonaning nevrologiya bo‘limiga yotqizilgach, shifokor uning obdon tekshirib tomirlarida qon qotib qolganligini, tezda oyoqlarni kesib tashlash kerakligini aytgan edi.


Kesilgan oyoqlar bilan zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan Murodjon akaga zarur protez qo‘yish uchun ma'lum miqdorda mablag‘ talab etilar edi. Va nihoyat ko‘pchilikning saxovatpeshaligi sababchi bo‘lib Murodjon akaga yetarli mablag‘ yig‘ilgach, u kishi davolanish uchun Turkiyaga ketgan edi. Mana, yorug‘ va quvonchli xabar yetib keldiki, Murodjon aka Turkiya davlatida davolanib, protez (sun'iy oyoqlar)ga ega bo‘lib qaytdi.

«Allohga shukur, Turkiyaga borib davolanib, protez qo‘ydirib qaytdim. U yerda menga Jasurbek va Javohirbek ismli vatandoshlar muntazam yordamlashib turdi. Butun dunyodan o‘zbeklarimiz qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘rab turishdi. Baraka topishsin. Xayriyada menga ma'naviy va moddiy ko‘mak bergan barcha insonlarga rahmatimni aytaman. Alloh rozi bo‘lsin ulardan», - deb quvonchlarini baham ko‘rdi Murodjon aka.

Murod aka xali oyoqqa turib ketishi uchun ozroq sabr qilib, harakat qilishda davom etishi kerak. Duoda bo‘lib turaylik, do‘stlar. Lekin, shu o‘rinda bir jumlani aytishni lozim topdik. Murod aka hali hanuz o‘sha kulbalarida hayot kechirmoqda.

Shundoq xam hayot qiyinchiliklariga bardosh berayotgan insonga o‘ylaymizki, uy-joy masalasida Toshkent shahar va Toshkent (Zangiota) tuman xokimliklari albatta qarab turmaydi. Murod akaga bu masalada o‘z amaliy yordamini ayashmaydi. 
Insonlarga yaxshilik qilish eng oliy fazilat. KUN.UZ mazkur xayriya aksiyasida faol ishtirok etgan barchaga chuqur minnatdorchilik bildiradi. Bir-birimizga yaxshilik qilishdan hech qachon to‘xtamaylik. Alloh barchamizni yaxshilik qilishga qodir bandalaridan qilsin.
Murod akani ruhiy qo‘llab-quvvatlash yoki uy-joy masalasida amaliy yordam berish niyatidagi kishilar, hokimlik vakillari u kishining o‘zi bilan bog‘lanishlari mumkin: (+99894) 604-30-08

Ko‘proq yangiliklar: