18.04.2018 yildagi O‘RQ–476-son Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
Birinchidan, yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini (MJTKning 70-moddasi) buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik kuchaytirildi. Jarima sanksiyalarining oshirilishi quyidagi jadvalda yaqqol namoyish etilgan.
Ikkinchidan, daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik joriy etildi. Buning uchun fuqarolarga 30 dan 50 EKIHgacha, mansabdor shaxslarga esa 50 dan 100 EKIHgacha jarima solinadi. Huquqbuzarlikni ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni (maxsus texnika va uskunalar: lebyodka, ekskavatorlar, buldozerlar va h.k.) yoki uning bevosita ashyosini musodara qilib fuqarolarga 50 dan 70 EKIHgacha, mansabdor shaxslarga esa 100 dan 150 EKIHgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur toifadagi ishlarning sudga taalluqliligi sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarlik tarkibiga bog‘liq. Birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarliklar (MJTKning 70-1-moddasi 1-qismi) Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vakolatiga, takror sodir etilganlari esa (MJTKning 70-1-moddasi 2-qismi) ma'muriy sudlar vakolatiga kiritildi.
Bunda huquqbuzarlarni ma'muriy ushlab turish ichki ishlar organlari xodimlari va Ekologiya davlat qo‘mitasi organlari mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi. Ushlab turish sabablari bartaraf etilguniga va ish ko‘rib chiqilguniga qadar transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish huquqi faqat Ekologiya davlat qo‘mitasi organlari mansabdor shaxslariga tegishli.
Qonun 19.04.2018 yilda kuchga kirdi.