Buxorodagi «Dilkusho» bozori. Uning yangi egasi kim va tadbirkorlar nega chirqillatilmoqda?

Jamiyat 13:27 / 20.04.2018 48408

So‘nggi vaqtlarda tahririyatimizga tuman va shaharlarda bozordagi buza-buzlardan aziyat chekayotgan tadbirkor va savdogarlar ko‘plab murojaat qilishmoqda. Tahririyat xodimlari bozorda mulklari buzilgan tadbirkorlar bilan uchrashish maqsadida, Qarshi, Denov, Rishton, Muzrabot, Guliston, Yangiyer va boshqa shaharlarga borib, masalani joyida o‘rganib, mutasaddilar bilan uchrashib qaytishgan.

Buxoro shahridagi «Dilkusho» yopiq bozori buzilishi ham mana shunday muammolar sirasidan. Farqi — uning ko‘lami kattaroq. Bozor buzilganiga 1 yilcha bo‘lyapti — o‘tgan yilning aprelida bu yerda savdo qilgan yuzlab tadbirkorlarga 1 kun ichida ogohlantirish berilib, bozor buzib tashlangan. Do‘konlaridan ajralgan tadbirkor va savdogarlar hanuzgacha o‘z muammosiga tayinli bir yechim topolmasdan sarson-sargardon bo‘lib yurishibdi.

Biz Buxoro shahriga «Dilkusho» bozorida ishlab kelgan tadbirkorlar arzini eshitish uchun kelganimizda ulardan biri Zumrad Karimova Toshkent shahridagi tahririyatimizga ham kelgan ekan.

Fuqarolarning arzi bir-birini takrorlaydi: Ularga tegishli do‘konlar ogohlantirishsiz, zudlik bilan, hattoki ichidagi mol-mulkini olishga ulgurmaslaridan buzib tashlangan. Ular ichida o‘z mulkini garovga qo‘yib kredit olganlari ham talaygina. Shahar hokimligi bozor evaziga taklif qilayotgan joyning narxi qimmatlik qilmoqda. Ijara narxi esa baland.

«Dilkusho» bozori o‘rnida zamonaviy savdo majmuasi barpo etilishi vaji bilan bozor hududiga kirmaydigan, xususiylashtirilgan maishiy xizmat ko‘rsatish korxonasining ham binosi buzilgan. Korxona rahbari Zaynab Beknazarovaning e'tirozlari kishini taajjubga soladi: bino buzilgach uning baholatilgan narxiga yarasha tovon puli to‘lanishi kerak-ku?!

Aslida, hokimlik har bir mulk egasiga buzilgan mulkiga yarasha joyni tekin berishi kerak emasmidi? «Dilkusho» bozori o‘rnida qurilayotgan zamonaviy majmua egasi ham joyni tekinga olmagandir?! Yo‘qsa, yangi qurilayotgan majmuadagi do‘konlarni osmon qadar narxlarda reklama qilib taklif qilarmidi?

Darvoqe, bozor o‘rniga tushayotgan majmua egasi haqida. Buxoroda tadbirkorlar uning kimligi sir saqlanayapti, deyishdi. Tahririyatimizga kelgan tadbirkor Zumrad Karimova esa uni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyevning ukasi ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi. Agar shunday bo‘lsa — hammasi tushunarli… Faqatgina mana shu fakt rost bo‘lib chiqsagina, yo‘l qo‘yilayotgan boshboshdoqliklar mantiqiy ko‘rinish oladi.

Chunki bir tadbirkor manfaati yo‘lida rahbarlar jamiki kuch richaglaridan foydalanib boshqa yuzlab tadbirkorlarni chirqillatishmaydi, magarki o‘sha tadbirkor qarindoshi bo‘lmasa. Chunki xuddi mana shu Buxoroda hattoki Prezident tasdiqlagan loyiha bo‘yicha bozor qurilmasdan to‘xtab yotganining guvohi bo‘lgan edik.

«Dilkusho» bozori o‘rnida loyihalashtirilgan savdo majmuasi o‘zining qurilishi to‘xtatilib, boshlang‘ich loyiha o‘zgartirilgani bizni yana hayratga soldi. Montaj qilingan armaturalar kesib olinmoqda. Yuk ko‘taruvchi kolonnalar oralig‘i endi 6 metrdan 8 metrgacha uzaytirilar emish. Yana nimalarni reja qilishgani yolg‘iz o‘zlariga-yu, Yaratganga ayon.

Xorijiy davlatlarda tushirilgan ko‘pgina fotosuratlarda ko‘rib qolamiz, yangi qurilgan yo‘llar, uylar oldida eski, to‘kilib qolgan uylar buzilmay qolib ketadi. Chunki aksariyat huquqiy davlatlarda fuqarolarning mulk huquqi muqaddas hisoblanadi. Unga hech kim va hech narsa daxl qila olmaydi. Faqatgina mulk egasini to‘liq rozi qilibgina unga tegishli ko‘chmas mulk sotib olinishi va keyin buzib tashlanishi mumkin.

Bizning qonunchilik hujjatlarimiz, davlatimiz rahbari farmonlari va hukumatimiz qarorlarida ham mulki boshqa ehtiyojlar uchun olinayotgan fuqarolarning ko‘rgan zararlarini qoplash tartibi aniq-tiniq qilib belgilangan.

Masalan, Fuqrolik kodeksining 206-moddasida ham o‘z bu aksini topgan. Davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan, mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunlarda belgilangan hollar va tartibdagina yo‘l qo‘yiladi, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida beriladi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanadi, deyilgan.

Shu moddaning ikkinchi bandida olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uylarning, boshqa imoratlarning, inshootlarning yoki ekinlarning, shuningdek, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatini aniqlash belgilangan tartibda baholovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi, bunda xususiy mulk huquqi bekor qilinganda olib qo‘yilayotgan mol-mulkning va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati bevosita ushbu mol-mulkni olib qo‘yishdan oldingi holatga ko‘ra yoki kelgusida olib qo‘yilishi haqidagi xabar mol-mulkning va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatiga ta'sir qilgan paytdagi holatga ko‘ra, baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi №97-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabatlari bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 7-bandiga ko‘ra, olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ajratib berilgan taqdirda uy-joy qiymatini to‘lash, uylar (kvartiralar) berish va vaqtinchalik turar joy berish, shuningdek, yangi joyga ko‘chish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplash tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari qaroriga ko‘ra ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Lekin birgina Buxoroda emas, boshqa joylarda ham viloyat, shahar va tuman hokimliklar mulk egalarining egalik huquqi chiqartirilgan hujjatlarini orqa sana bilan shubha ostiga olish, sud orqali bekor qildirib, huquq-tartibot organlari bosimi bilan fuqarolarga bosim o‘tkazish hollari ham uchramoqda.

Bunaqa hokimlari bor joyga, mulk huquqini nazar-pisand qilmaydigan maskanga investor ham, ishbilarmon ham kelmaydi. To‘rt oyog‘ini quchoqlagancha qochadi va… to‘g‘ri qiladi. Chunki adolat bo‘lmagan joyda baraka ham bo‘lmaydi.

Avvalgi chiqishlarimizda ham aytgan edik, viloyat, tuman (shahar) hokimlarining barcha qarorlari ochiq bo‘lishi kerak. Ketma-ketligi o‘zgartirilmasligi kerak, o‘zgartirish uchun jazolar qat'iylashtirilishi lozim. Hokimning (ayniqsa, ko‘chmas mulk va yer ajratish to‘g‘risidagi) qarorlari ochiq va hamma ko‘ra oladigan, foydalana oladigan bazada saqlanishi kerak. Mulk huquqining ibtidosi — bu hokim qarori, demak, uning himoyalanishi o‘sha hujjatdan boshlanadi.

Biror mulk (bu o‘rinda bozor) boshqa mulk qurilishi uchun buzilsa o‘sha yangi mulkdorning nomi, rejalari ochiqlansa shunaqa ortiqcha gap-so‘zlar, viloyat, shahar hokimi uchun nufuzni pasaytiruvchi risklar paydo bo‘lmaydi. Ayni paytda jarayon «ochiqlanmayaptimi, demak yeng ichida qilinmoqda, huquqlar buzilmoqda», ko‘rinishida ketayapti.

Eng yomoni — boshqa mulkdorlarning huquqini buzish evaziga paydo bo‘lgan yangi mulkdorning ham bir kun kelib mulk huquqi yana albatta buziladi.

Shu ma'noda yangi mulkdorlar ham o‘z mulkining ibtidosini shaffof va ochiq bo‘lishidan manfaatdor bo‘lishi kerak, toki ertaga boshqa bir zo‘ravon paydo bo‘lganida qonun uni himoyalasin, jamoatchilik uni qo‘llasin!

Biz ushbu bozordagi tadbirkorlar arzi yuzasidan Buxoro shahri hokimi Karim Kamolovga ham tushuntirish so‘rab murojaat qildik. Karim Jamolovich umumiy tarzda tadbirkorlarning muammosi, albatta, hal qilinishi, shahar hokimligi bu borada bosh qotirayotgani, binolari buzilgan fuqarolarga yer va do‘konlar ajratilishini aytib o‘tdi.

Ha, bu diydiyolar Karim Jamolovich hokim etib tayinlanguniga qadar boshlanib bo‘lgan — g‘isht qolipdan ko‘chgan. Endi ko‘p yillik tajribaga ega rahbar sifatida u shahardagi chigal muammoni six ham, kabob ham kuymaydigan qilib hal qilish ustida bosh qotirmoqda.

Bir yildan buyon buxorolik bozorchilarni qiynab, holdan toydirgan ushbu muammoning biror jo‘yali yechimi bormikan o‘zi? Buxoro viloyat va shahar hokimligi ularni rozi qilishning uddasidan chiqa olisharmikan? Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Shuhrat Shokirjonov, Xurshid Daliyev

Kun.uz muxbirlari

Ko‘proq yangiliklar: