18.04.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–476-son qonun (52-moddasi) bilan Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
Soliq imtiyozlari joriy etilmoqda
2018 yil 19 apreldan boshlab:
1) Energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda muqobil energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar – muqobil energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e'tiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan (Soliq kodeksining 275-moddasi) va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘idan (Soliq kodeksining 290-moddasi) ozod qilinadilar.
Energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan holda muqobil energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida energiya ta'minoti tashkilotlari tomonidan berilgan ma'lumotnoma mazkur imtiyozni berish uchun asos bo‘ladi.
2) YaST bo‘yicha soliq solinadigan baza (Soliq kodeksining 356-moddasi) turistik faoliyat sub'yektlari uchun – turistik xizmatlarni onlayn-bronlashtirish va sotish bo‘yicha dasturiy mahsulotlarni hamda axborot tizimlarini joriy etishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.
2018 yil 19 iyuldan boshlab:
1) Paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslar tomonidan bu ishlarni bajarganlik uchun olinadigan daromadlarga yagona ijtimoiy to‘lov va sug‘urta badallari hisoblanmaydi (Soliq kodeksining 308-moddasi).
2) Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari – yagona yer solig‘i to‘lovchilar, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari reyestriga kiritilgan kundan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa daromad turlari bo‘yicha YaSTni to‘lashdan besh yil muddatga ozod etiladi.
Ayrim normalar tarkibi kengaytirildi
1) Soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar (xo‘jalik faoliyati yuritilayotgan yerlar bundan mustasno) – tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan moddiy madaniy meros obektlari, xotira bog‘lari egallagan yerlar kiradi (Soliq kodeksining 282-moddasi).
Ilgari tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar jumlasiga tarixiy-madaniy qo‘riqxonalar, xotira bog‘lari, sag‘analar, arxeologiya yodgorliklari, tarix va madaniyat yodgorliklari egallagan yerlar kirar edi.
2) Davlat organlari – o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan, shuningdek jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan, tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki o‘zga madaniy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulkni jismoniy shaxslar bu mol-mulkka xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lgan hollarda jismoniy shaxslardan davlat mulkiga olib qo‘yish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan umumiy yurisdiksiya sudlarida davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi (Soliq kodeksining 329-moddasi).
Ilgari jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan mol-mulkni davlat mulkiga olib qo‘yish to‘g‘risidagi ishlar ro‘yxatida ilmiy va madaniy qimmatliklar bo‘lmagan.
Davlat bojini to‘lash tartibi aniqlashtirildi
Notarial harakatlar bajarilganligi uchun davlat boji undirish tartibiga aniqlik va qo‘shimchalar kiritildi (Soliq kodeksining 338-moddasi).
Ulardan biri: davlat notarial idorasi binosidan tashqarida – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarida notariuslarning sayyor qabullari chog‘ida amalga oshiriladigan notarial harakatlar uchun davlat boji bir baravar miqdorda undiriladi (ilgari – ikki baravar miqdorda).