Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2018 yilning 1-choragida hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari asosida davlat moliyaviy nazorati tadbirlari o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda Moliya vazirligi axborot xizmati.
O‘tkazilgan jami 844ta nazorat tadbirlaridan 661tasida moliyaviy intizomga rioya qilinmay sarflangan mablag‘lar 33,0 mlrd so‘mni, shundan kamomad va o‘zlashtirishlar 5,1 mlrd so‘mni, noqonuniy xarajatlar 24,8 mlrd so‘mni va Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan maqsadsiz ishlatilgan mablag‘lar 3,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Nazorat tadbirlarini o‘tkazish jarayonida va uning natijalari yuzasidan berilgan ko‘rsatmalarga asosan aniqlangan 20,8 mlrd so‘m miqdoridagi noto‘g‘ri sarflangan mablag‘lar belgilangan tartibda tiklanishi ta'minlandi hamda 650ta nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi. Jumladan:
Byudjyet va byudjyet mablag‘lari oluvchi tashkilotlar bo‘yicha o‘tkazilgan 626ta nazorat tadbirlaridan 510tasida 9,2 mlrd so‘m mablag‘ noto‘g‘ri sarflanganligi aniqlandi, shundan 474ta sub'yekt bo‘yicha (9,0 mlrd so‘m) nazorat tadbiri materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Shuningdek, byudjyet intizomini buzgan byudjyet tashkilotlarining 32 nafar rahbar va mansabdor shaxslari 16,7 mln so‘m miqdorida ma'muriy javobgarlikka tortildi.
Davlat maqsadli va moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan 127ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ularning 94tasida 5,2 mlrd so‘m kamomad, o‘zlashtirish va noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Aniqlangan noo‘rin va maqsadsiz xarajatlardan 3,1 mlrd so‘mi belgilangan maqsadlarga qayta yo‘naltirildi va 1 mlrd so‘mi belgilangan tartibda tiklandi, 3,3 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy qonun buzilishlar aniqlangan 98ta tekshirish materiallari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining qaror va farmoyishlariga asosan 64ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazilib, shundan 35tasida 17,4 mlrd so‘m miqdorida noqonuniy xarajatlar aniqlandi hamda tekshirish materiallari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Ushbu sub'yektlarda aniqlangan 8,6 mlrd so‘m miqdoridagi noqonuniy xarajatlarni tiklanishi ta'minlandi.
Boshqa yo‘nalishlar (Hukumat tomonidan kafolatlangan kredit, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va boshqalar) bo‘yicha 27ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ularning 22tasida 1,3 mlrd so‘m miqdorida kamomad, o‘zlashtirish va noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, shundan 1,1 mlrd so‘mi belgilangan tartibda byudjyetga tiklanishi ta'minlandi.
Shuningdek, moliyaviy qonun buzilishlar aniqlangan 1,2 mlrd so‘m miqdoridagi 18ta tekshirish materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Hisobot davrida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalariga jismoniy shaxslardan jami 199ta murojaatlar kelib tushdi, shundan 53tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa idoralarga yuborildi, 26tasi bir xil mavzuda takroriy murojaatlarni tashkil qiladi, 12tasi anonim deb topildi.
Jismoniy shaxslarning 96ta murojaatlari o‘rganib chiqildi, shundan ularda qayd qilingan holatlar 12tasida to‘liq, 30tasida qisman tasdiqlandi va 54tasida o‘z isbotini topmadi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarning murojaatlari bo‘yicha 98 mln so‘m miqdorida moliyaviy xatoliklar aniqlangan 13ta o‘rganish materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.