Shavkat Mirziyoyev: Shu yil atom stansiyasi qurilishi boshlanishi bo‘yicha hujjatlarni imzolaymiz

Iqtisodiyot 16:25 / 19.04.2018 21704

O‘zbekiston 2018 yilda Rossiya bilan respublika hududida atom elektr stansiyasini (AES) qurish bo‘yicha hujjatlar imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi, deb yozmoqda TASS.

«O‘ylashimcha, bu yil biz atom stansiyasi qurilishining boshlanishi bo‘yicha hujjatlarni imzolaymiz», - deya aytib o‘tgan prezident Qandim gaz kompleksining ish tushirilish marosimida.

O‘zbekiston va Rossiya 2017 yil 29 dekabrda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha hamkorlik bitimini imzoladi. Hujjat bir qator sohalarda, jumladan, respublikada AES qurilishi va uran konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha birgalikda ishlashni nazarda tutadi.

Rosatom rahbari Aleksey Lixachev 2017 yilning dekabr oyining oxirida Toshkentga qilgan amaliy tashrifi chog‘ida Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonga respublika hududida VVER-1200 tipli bloklarga ega atom elektr stansiyasini qurib berishni taklif qilgani haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap ikki blokli atom elektr stansiyasi haqida ketmoqda.

2017 yil 2 noyabrda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari yakuni bo‘yicha «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi, shuningdek, «TVEL» AJ (Rosatom tuzilmasiga kiradi) va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi instituti o‘rtasida VVR-SM tadqiqot reaktoriga yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Rosatom» O‘zbekiston bilan mamlakatda atom elektr stansiyasini qurish imkoniyatini muhokama qilayotgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: