Rossiya va O‘zbekiston Rossiya neftini respublikaga yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo kelishuvni o‘zaro muvofiqlashtirishni yakunlamoqda. Bu haqda Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak xabar berdi, deb yozmoqda TASS.
«O‘zbekistonga neft yetkazib berish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni muhokama qilish so‘nggi bosqichda turibdi», - deya aytib o‘tdi u Qandim gaz kompleksining ishga tushirilish marosimida chiqish qilib.
Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi energetika vazirining o‘rinbosari Kirill Molodtsov «Gazprom neft» kelgusi yilda O‘zbekistonga 1 million tonnagacha neft yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar qilgandi, ammo barchasi transport tizimining o‘tkazuvchanlik imkoniyatiga bog‘liq bo‘ladi.
TASS’ning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, O‘zbekiston istiqbolda Rossiyadan 1 million tonna, 2020 yildan keyin esa 3 million tonna neft yetkazib berilishini istaydi.
Agentlik suhbatdoshi ta'kidlaganidek, hozirgi paytda O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha erkin o‘tkazish quvvati faqat 500 ming tonnani tashkil etadi, yetkazib berish ishlari amalga oshirilayotgan «Shagir» neft quyish estakadasining quvvati esa - 700 ming tonna.
Shu bilan birga, yetkazib berishni ko‘paytirish uchun har birining qiymati 5 milliard rublga teng bo‘lgan ikkita neft nasos stansiyasini qurish talab etiladi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Anatoliy Yanovskiyning TASS’ga xabar berishicha, muzokaralar hozirda boshlang‘ich bosqichda turibdi. Unga ko‘ra, gap qo‘shimcha 5 million tonna neftni yetkazib berish haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Yanovskiy ularni ham Rossiya hududidan, ham Qozog‘iston hududidan amalga oshirish mumkinligini ta'kidladi.