Nosirulloh davolanish uchun Toshkent shahriga keldi

Jamiyat 00:52 / 19.04.2018 13315

Esingizda bo‘lsa, bir muddat avval Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Hayotxon opa va uning o‘g‘li Nosirulloh uchun xayriya aksiyasi uyushtirgan edik. Nosirulloh 13 oyligida yiqilib tushib, yurmay qo‘ygan edi. Unga DTsP (bolalar nerv sistemasi falaji ) tashxisi qo‘yilib, nogiron sifatida davlat ro‘yxatida turar edi. Hayotxon opa dori-darmon va o‘g‘lining tuzalib ketishi uchun kerak bo‘layotgan muolajaga qiynalib qolganligi, yaxshi insonlarning xayrli ishlariga muhtoj ekanligini bildirib o‘tgan edilar.
Saxovatpesha insonlarning xayriyasi bilan yetarli mablag‘ to‘plandi. Mehribon ona va farzand Toshkent shahriga kelib, tegishli shifoxonada muolaja amaliyotini boshlab yubordilar.
«Hayriya qilgan insonlardan Alloh rozi bo‘lsin! Alloh ajrini bersin. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman»-deb ta'kidladilar Hayotxon opa quvonib.
Suratga olish ishlarimizda insonlarga mikrofon berib, tasmaga yozish jarayonida ovozlari eshitilmoqdami yoki yo‘qmi sinab ko‘ramiz. Shu chog‘da odamlar odatda sanashadi yoki nima deyman deb aytishadi. Bizga oddiy so‘zlar kifoya, tekshirib olamiz. Lekin mushtipar onaga gapirib ko‘ringchi, biror so‘z aytib ko‘ring deyishimiz bilan «Nosirxon» deb farzandini nomini aytdilar. Azizlar, ona mehrini qarang, ajabo. Bu o‘tkinchi dunyoda onadek mehribon inson bo‘lmasa kerak. Onalarimizning qadriga yetaylik va orzumand ayolning orzusi ushalishi uchun duoda bo‘lib turaylik. Barchangizga kun.uz o‘z minnatdorchiligini bildiradi.
 

Ko‘proq yangiliklar: