"O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasi delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul va Qahramonmarash shaharlarida bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi to‘qimachilik sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Assotsiatsiya matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari Turkiyaning Temsan, Kipas Holding, Balsuyu Mensucat, Nartex tekstil kabi yetakchi to‘qimachilik korxonalari va mamlakatning to‘qimachilik markazi hisoblanuvchi Qahramonmarash shahridagi ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lishdi.
Turkiyaning qator to‘qimachilik kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi. Muzokaralar davomida yig‘ilganlarni O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, shuningdek chet el investitsiyalari uchun imtiyozlar, kafolatlar va preferensiyalardan xabardor qilishdi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, "O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasi va turk kompaniyalari o‘rtasida umumiy summasi 90 million AQSh dollarini tashkil qiluvchi 5 dan ortiq memorandumni imzolashga doir dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Xususan, "O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasi va "Demez Oglu" kompaniyasi (Moschino, Versace, Dolce&Gabbana, Aeronautica kabi mashhur brendlar ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisi) o‘rtasida Turkiya hamda Yevropa tajribasiga muvofiq "TEXTILKENT" to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ulgurji sotuv markazini yaratish masalalari muhokama qilindi.