Kursilar ishlab chiqaruvchi Aviointeriors italyan kompaniyasi samolyotlarning yo‘lovchilar sig‘imdorligini oshirish uchun tik turgan holda ketishga mo‘ljallangan o‘rindiqlar dizaynini ishlab chiqdi.
Bunday o‘rindiqlarning yangi modeli Skyrider 2.0 Gamburgda o‘tgan Aircraft Interiors Expo 2018 anjumanida taqdim qilindi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, bunday turdagi o‘rindiqlar samolyot salonida o‘rindiqlar orasidagi masofani kamaytirish va ko‘proq o‘rindiqlar joylash maqsadida ixtiro qilingan.
Skyrider’ning dastlabki dizayni egarga o‘xshagan va 2010 yilda o‘ylab topilgan. Biroq AQShning fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi bu g‘oyani qabul qilmagan. Biroq Aviointeriors vakillari kovboylar otlari ustida noqulaylik sezmagan holda bir necha soatlab o‘tirishganini ta'kidlab o‘tgan. Shu tariqa, bunday o‘rindiqlar qisqa davom etuvchi parvozlar uchun juda mos keladi va aviakompaniyalar daromadi oshishiga imkon beradi.
Skyrider 2.0 o‘rindiqlarining har bir qatori o‘rindiqlar o‘rtasidan o‘tuvchi vertikal ustunlar bilan mahkamlangan. Bundan tashqari, o‘rindiqning yaxshilangan modeli qo‘shimcha yumshoq qoplamaga ega.
2017 yil iyulda Kolumbiyaning VivaColombia byudjyet aviakompaniyasi samolyotlarga ko‘proq yo‘lovchilarni joylash uchun vertikal o‘rindiqlar joriy qilish haqidagi fikrni bildirgan.