Farg‘ona viloyati hokimi va'da berdi

O‘zbekiston 03:50 / 18.04.2018 71122

17 aprel kuni prezident tashabbusi bilan bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Vazirlar Mahkamasida jamoat ishlariga majburiy jalb qilishni taqiqlash, bu borada rahbarlar mas'uliyatini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda bosh vazir Qashqadaryo, Buxoro, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida majburiy mehnat va ko‘zbo‘yamachilik holatlari kuzatilganini qayd etib o‘tgan.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlaridagi obodonlashtirish ishlariga obodonlashtirish xodimlari yetarli bo‘la turib kollej o‘qituvchilarini jalb etilganini tan oldi.

«Haqiqatdan ham Farg‘ona shahridagi kollejlar kichik halqa yo‘liga jalb qilingan. Hatto tomorqa ishlariga ham. Buning uchun tegishli rahbarlar chorasini oldi. 

Bu juda katta uyat. Eng ko‘p aholiga ega shahar bo‘laturib, shuncha korxona tashkilotlar bo‘laturib, obodonlashtirishdayam xodimlar yetarli bo‘laturib, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgan.

Marg‘ilonda ham Ahmad Donish ko‘chasini kengaytirishda kasb-hunar ta'lim kollejlari jalb etilgan.

Biz chuqur xulosa qildik. Yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanmabmiz. Viloyatga ajratilgan 84 milliard so‘mdan faqat 5 milliard o‘zlashtirganmiz. Bu juda katta uyat.

Va'da beraman, ta'lim, tibbiyot va boshqa byudjyet tashkilotlari vakillari majburiy mehnatga jalb etilsa chora ko‘riladi», deya viloyat hokimining so‘zlarini keltirgan KUN.UZ muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: