O‘zbekiston va Eron Hukumatlararo yig‘ilishida qanday masalalar muhokama qilindi?

Iqtisodiyot 16:19 / 17.04.2018 9356

O‘zbekiston va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning o‘n ikkinchi majlisi Tehron shahrida, Eronning sanoat, tog‘-kon sanoati va savdo vazirligi huzuridagi savdoni rivojlantirish tashkilotida bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Eron Islom Respublikasiga tashrifi doirasida «O‘zanoatexport» AJ tomonidan O‘zbekiston-Eron savdo uyi ochildi va har ikki tomonning rasmiy shaxslari va tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi. Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, forum natijasida, to‘qimachilik, dukkakli mahsulotlar va quritilgan meva-sabzavotlarni yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalari imzolangan.

Ikki mamlakatning Hukumatlararo yig‘ilishi doirasida O‘zbek va Eron bir qator masalalar, shu jumladan, har ikki tarafdan cheklangan tovar pozitsiyalarini imtiyozli bojxona bilan ta'minlaydigan ikki tomonlama savdo bitimining loyihasini muhokama qilishdi. Tomonlar hujjat loyihasiga qo‘shiladigan mahsulotlar ro‘yxatini bir oy ichida tayyorlash va o‘zaro almashishga, shuningdek o‘zaro kelishilgan muddatda navbatdagi muzokaralarni Toshkentda tashkillashtirishga kelishib olishdi.

Foto: Moj News Agency /Ramona Miriana
Foto: Moj News Agency /Ramona Miriana

Bundan tashqari, tomonlar ikki mamlakatning kichik va o‘rta bizneslari o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, moliyaviy, huquqiy va boshqa masalalarni hal qilishda yordam bera oladigan O‘zbekiston va Eron savdo-sanoat palatalari ishtirokida o‘zbek-eron Biznes Kengashini ta'sis etishga kelishib olishdi.

Ko‘rib chiqilgan boshqa mavzular orasida - ikki tomonlama oliy darajadagi tadbirlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va Eron Bojxona boshqarmasi o‘rtasida elektron axborot almashinuvini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi Memorandum imzolanishiga tayyorgarlik ko‘rishni qayd etish mumkin. Tashabbusning asosiy vazifalari: o‘zaro savdo-sotiqni rivojlantirish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish jarayonida bojxona jarayonlarini soddalashtirish.

Foto: Moj News Agency /Ramona Miriana
Foto: Moj News Agency /Ramona Miriana

«O‘zbekiston-Eron munosabatlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri transport sohasidagi hamkorlikdir. Bizning vazifamiz - ikki mamlakatning eksport tuzilmalarini hisobga olgan holda mavjud tranzit tariflarini Eronlik sheriklar bilan optimallashtirish. Bu, har ikki tomonga, jumladan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarning ham raqobatbardoshligini oshiradi», - ta'kidladi O‘zbekistpn Respublikasi tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.

Shuningdek, Eron Islom Respublikasiga tashrifi chog‘ida «O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon», «Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron» va Transafg‘on yo‘lagi orqali transport koridorining ishga tushirilishi masalalari ko‘rib chiqildi. Eron tomoni «Mafsir-Sharif-Hirot» temir yo‘lining davomi bo‘luvchi «Xaf-Hirot» temir yo‘lining qurilishini yakunlash uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirshi haqida xabar berdi. Bu esa, o‘z o‘rnida, mintaqadagi davlatlar o‘rtasida mahsulotlar yetkazib berish narxi va muddati qisqarishi natijasida yuk tashish hajmining o‘sishiga olib keladi. Shuningdek, Eron tomoni O‘zbekistonning Hirotda g‘ildiraklar juftligini almashtirish uchun stansiya qurish bo‘yicha takliflarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.

 

Ko‘proq yangiliklar: