Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q: Narpay kanaliga najosat oqizilmoqda

Jamiyat 16:14 / 17.04.2018 36463

Kattaqo‘rg‘on shahridan oqib o‘tuvchi Narpay kanali haqida eshitganmisiz? U qo‘shni Narpay tumani hududigacha cho‘zilgan. Qadimdan bu kanal «Nahri pay» deb atalgan, chin ma'noda shu hudud aholisi uchun hayot tomiri bo‘lib xizmat qilib kelgan.

Yaqin-yaqingacha kanal atrofida joylashgan mahalliy aholi ushbu kanaldan suv olib ichgan. Biroq ayni paytda bu kanal suvi iste'mol uchun mutlaqo yaroqsiz holatga kelgan.

Biz kanalning quyi oqimida bo‘lib, Narpay tumanidagi mahalliy aholini so‘zga tutdik. Ular ushbu kanal suvini 20 yillarcha muqaddam ichishgani, suv toza bo‘lganini, hozir suv hattoki kir chayishga ham yaramasligini aytishdi. Narpaydagi qishloqlarga joyiga qarab, suv keltirilib sotiladi, artezian quduqlari qazilgan, yoki Damxo‘ja suvi vodoprovodda o‘tkazilgan.

Barchasiga sabab kanalga Kattaqo‘rg‘on shahrining oqova suvlari oqizilayotganligida. Masalan, shundoqqina kanalning yoqasida avariya tufayli 10 yilcha burun ochilgan kanalizatsiya quvuri ochilib yotibdi. Uning ichida najosatlar oqib o‘tayotgani ko‘rinib turibdi. Bu yerni berkitib qo‘yish hech kimning xayoliga kelmaydi.

Eng dahshatlisi, shu ochilgan joy yaqinida kanalning himoya devori ham buzilib yotibdi, kanalda suv ko‘paysa kanalizatsiya quvuriga qo‘shilib ketadi.

Umuman, Kattaqo‘rg‘on shahrining Narpay kanaliga yondosh hududida kanalizatsiya tarmog‘i yaxshi rivojlanmagan. Ko‘chalardagi ariqlardan ham oqova suvlari oqib kanalga tushadi. Ariqlardagi suvning rangi shubhali. Biz kunduzi suratga tushirdik. Aksariyat aholi kechasi bu ariqlardan oqova suvlarini oqizadi va u iflos suv to‘g‘ri Narpay kanaliga borib tushadi.

Kanal bo‘ylab nariroqqa tushdik. Kanal uzra o‘tgan temir yo‘l ko‘prigi oldida Kattaqo‘rg‘on paxta tozalash zavodi va yog‘-moy zavodining kanalizatsiya quvuri ochiqchasiga Narpay kanaliga kelib tushmoqda. Atrofga taralayotgan qo‘lansa hidga chidash qiyin.

«Hozir kanalda suv ko‘proq, oqizib ketyapti. Yoz faslida suv kamaygach, bu yerdan taralayotgan sassiq hidga bardosh berish juda qiyinlashadi», deydi o‘sha hududda yashovchi fuqarolardan biri.

Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deb bekorga aytishmagan. Narpay kanali suvining sofligini kim saqlaydi?! Kim bunga mas'ul? Kanalda ro‘y berayotgan ekologik falokatni bartaraf eta oluvchi mard topiladimi?

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz jurnalisti

Ko‘proq yangiliklar: