Hokimlik va aholi o‘rtasida mojaro. Muammo qanday hal etiladi?

Jamiyat 18:38 / 17.04.2018 35977

Mamlakatimizda aholi ijtimoiy hayotini yaxshilash, hududlarda mahallalarning yangicha ko‘rinishdagi guzarlarini bunyod etish bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi belgilab o‘tilgan. Afsuski, bu ishlarda ham bir qancha sohaga oid kelishmovchiliklar, mas'uliyatsizlar va muammolar kuzatilmoqda.

Mamlakatimiz rahbari ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarida eng avvalo xalqning ishonchini ta'kidlagan holda, ularning tinch-totuv yashashida doimo adolat hukm surishi kerakligini qayta-qayta takrorlamoqda. Yana bir muhim jihati, odamlar davlat boshqaruviga, prezidentning hududlardagi vakillariga ishonsagina xalq rozi bo‘lishi aytilmoqda.

Lekin ayrim joylarda bunday bo‘lmayapti. Xususan, Toshkent shahri Mirobod tumani, Mirobod mahalla fuqarolar yig‘ini 3-, 5-, 88- va 90-uylarda istiqomat qiluvchi kishilar zamonaviy mahalla guzari qurilishidan norozilik bildirib, «Kun.uz»ga murojaat yo‘llashgan. Bu yerda aholi noroziligiga qaramay qurilish ishlari boshlangan. Shunday so‘ng aholi qurilish ishlarini to‘xtatishga uringan. Quruvchilar va aholi o‘rtasida zidddiyatlar kelib chiqib, yig‘ilganlar hayotiga xavf soluvchi xatti-harakatlar sodir bo‘lgan. Ayni manzara aholi tomonidan tasvirga ham tushirilgan. Shu kuni oqshom payti ijodiy guruhimiz voqea joyiga chiqdi. Quruvchilar guruhi bizni ko‘rib, qurilish obektini tark etishmoqchi bo‘lishdi. Biz esa ulardan qurilish ishlari borasida axborot olishga urinib ko‘rdik. Ammo ular avvaliga yolg‘on axborot berishdi, so‘ng mavhum javoblar bilan hududni tark etishdi.

U yerda yashovchi mahalliy aholi vakillaridan biri shu voqea xususida shunday deydi: «Bu yerda qurilishi rejalashtirilgan bino namunaviy mahalla guzari emas, balki manfaatdor tadbirkorlarning savdo kompleksidir».

Aslida loyihalar xalqning tinch-totuv va farovon yashashiga xizmat qilishi kerak emasmi?

Ta'kidlash kerak, uchastka nozirlari bugungi kunda xududda tinchlikni asrash, turli ziddiyatlarning oldini olish, noqonuniy xatti-harakatlarni rasmiylashtirib, tegishli chora ko‘rishi lozim. Biroq Mirobod mahalla fuqarolar yig‘ini uchatka nozirlari aholi va quruvchilar o‘rtasida ziddiyatning bevocita guvohi bo‘lishsada, hech qanday chora ko‘rishmagan. «Kun.uz» ijodkorlari voqea joyiga borganida ham uchastka nozirlari vaziyatga aralashmadi. Aksincha, voqea joyida kamera obektiviga tushib qolmaslik uchun obektni tark etdi. Ijodiy guruhimiz qurilish ishlari yuzasidan aholi bilan suhbatlashdi.

«Bu yerda 180 xonadon istiqomat qiladi, faraz qiling 150 xonadonning oilasida avtomashina bor. Ular qayerga o‘z mashinasini qo‘ysin? Uylar asosiy trassada bo‘lsa, yo‘llar har kuni mashinalardan tozalansa, nima qilamiz?», – deydi shu yerda yashovchi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Anglaganingizdek, ushbu hududga zamonaviy mahalla guzari «fonida» ikkita bino, ya'ni savdo kompleksi va biznes markaz qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu masala yuzasidan tegishli tartibda jamoatchilik roziligi olinmagan. Mahalliy aholi tegishli tartibda hududiy va respublika davlat organlariga murojaat bilan chiqqan. Aholi qarshiligiga qaramay, loyiha qurilishi boshlab yuborilgan. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi esa umuman ko‘rinish bermadi. Mahalladagi mojaroni qo‘shni mahalla bilganu biroq raisning xabari yo‘q. Aslida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bu kabi holatlarda aholini tinchlantirishi, aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borishi kerak emasmi?

Aholining so‘zlariga ko‘ra, ushbu hududda dastlab xuddi shunday «tashabbus» bilan bino qurilishi amalga oshirilgan. Lekin bino ishlari bitkazilgandan so‘ng, mahalla uchun kattagina to‘rt qavatli binodan bor yo‘g‘i ikkita xona ajratib berilgan. Hozirda mahalla fuqarolar yig‘ini uchun foydalanilmoqda va qolgan qismi xususiy tadbirkorlar tasarrufiga o‘tib ketgan. Ushbu fikrni aytishdan maqsadimiz shuki, bu bino qurilgan joyda avval mahalliy aholi uchun bayramlar, turli ziyofatlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun ham guzar mavjud bo‘lgan.

Mahalladagi mojaro keyingi kuni ham davom etdi va oqshom payti Mirobod tumani hokimi Shuhrat Po‘latov aholi noroziligi bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazdi. Dastlab loyiha haqida qisqacha tushuntirish berib o‘tildi. «Mirobod tumanida xuddi shunday ikkita xona mavjud. Zamonaviy mahalla guzarida esa bir qancha qulayliklarga ega xonalar barpo etiladi», – deb qurilishi reja qilingan loyiha tushuntirib berildi. Shundan so‘ng tuman hokimi aholi e'tirozlariga javob berib o‘tdi. Xususan, aholining qurilish hududida bolalar maydonchasi va avtomobillar turar joylari borasidagi e'tirozga quyidagicha javob berdi: «Bolalar maydonchasi haqida e'tiroz bildirdingiz, qurilishga ajratilgan hududda bolalar maydonchasi ko‘ryapsizmi? Avtomobil turar joylari bo‘yicha e'tirozingiz o‘rinli, buning uchun loyiha binosining yerto‘la qismi avtomobil turar joyiga ajratiladi». Shundan so‘ng aholi  o‘z e'tirozlarini qonuniy tomondan asoslab berdi. Masala yuzasidan bir qancha kamchiliklar ko‘rinib qoldi. U yerda aholi uchun yong‘in xavfsizligi, evakuatsiya, quyoshning tushishi va bolalar atrofda bexavotir o‘ynashi masalalari ko‘tarildi. Har holda islohot avvalo inson uchun xizmat qilishi kerak.

Shu tarzda davom etgan bahs va munozara hokimlik va aholi o‘rtasidagi kelishuv bilan yakun topdi. Qurilish to‘xtatiladigan bo‘ldi, endi Prezident qarorida qayd etilgan ko‘rsatmalar bo‘yicha zamonaviy mahalla guzarini mahalla ahli o‘z loyihasi asosida amalga oshiradi. Faqat bir shart bilan. U ham bo‘lsa 1 oy muddat ichida zamonaviy mahalla guzari bo‘yicha Mirobod tuman hokimligiga mahalla aholisidan taklif kiritilib, loyihani tasdiqlatish sharti bilan. Agar bir oy muddat ichida mazkur shart bajarilmasa, hududda ayni qurilish ishlari davom etadigan bo‘ldi.

Mirobod tumani hokimi Shuhrat Po‘latov

Avvalo, Mirobod tuman hokimining aholi bilan bu kelishuvi qonun hujjatlariga to‘g‘ri keladimi? Ikkinchidan, qurilish ishlarini boshlashda qonun buzilish holatlari bo‘yicha tegishli chora ko‘riladimi? Prezident qarori ijrosi fonida bu kabi xatti-harakatlar aholining kuchli noroziligiga sabab bo‘layotgani musaddilarning xatosimi yoki manfaatlar samarasimi?

Nima uchun bu savollarga javob olishga urinyapmiz. Yodingizda bo‘lsa, Mirobod tumanidagi Sharof Rashidov nomli mahalla guzari bo‘yicha ham avvaliga hokimning qarori chiqqan, shundan so‘ng tadbirkor qurilish loyihasini tayyorlagan. Loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan. Biroq aholi norozi bo‘lgandi. Shundan so‘ng maxsus komissiya tuzilib, loyihadagi ayrim kamchiliklar aniqlangan. Tadbirkor loyihani qaytadan tayyorlagan. Biroq tuman hokimi o‘z qarorini o‘zi bekor qilgan. Tadbirkor esa sarflagan mablag‘iga kuyib qolgan. Keyinchalik hokimlik va tadbirkor o‘rtasida mojaro chiqqan. Mojaro sababli Mirobod tumani hokimi va tadbirkor o‘rtasida sudlashish bo‘lgan.

Xullas, bir so‘z bilan aytganda bugungi kunda Toshkent shahrida zamonaviy mahalla guzari qurish bo‘yicha ajratilayotgan hududlar aksar aholi o‘rtasida kuchli norozilik uyg‘otmoqda. Bu barcha tumanlarda uchrab turibdi. Ta'kidlab aytamiz, Prezident qarori juda to‘g‘ri va bu xalqimizning azaliy qadriyatlarini tiklash, ularni asrab avaylashda katta rol o‘ynaydi. Biroq ijroda shoshmashosharlik, turli manfaatlarni xalq roziligidan ko‘ra ustun qo‘yish, ma'suliyatsizlik kabi illatlar afsuski uchrab turibdi.

«Kun.uz» xalq ovozini tinglashga doimo tayyor!

Xurshid Daliyev

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: