Venesuela milliy valyutasi bolivarning keskin qadrsizlanishi Venesueladagi mahalliy hokimiyatlarni bolivarga muqobil yangi valyutalar chiqarishga majbur qilmoqda. 15 aprelda Karakas meriyasi karibe deb nomlangan o‘zining valyutasini chiqardi.
Shahar rahbari Erika Farias karibe aholini iqtisodiy urush sharoitida himoya qilishga yordam berishini aytgan. Globovision kanali ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu valyutadan 5, 10, 50 va 100 karibe qiymatidagi kupyuralar muomalaga chiqarilgan. Bir karibe 1000 bolivarga teng bo‘lib, uning qora bozordagi kursi juda oz qiymatni tashkil qiladi. Unga ko‘ra, 100 karibe taxminan 20 sentga tengdir.
Bu valyuta Venesuelada giperinflyatsiya va naqd pul taqchilligi sababli chiqarilgan birinchi valyuta emas. Mart oyida Elorsa shahri o‘zining elorsa deb nomlangan valyutasini chiqargan. 2017 yil dekabrda esa Karakasdagi Katiya tumani kommunalaridan biri o‘zining panal deb nomlangan valyutasini chiqargan.
Murakkab iqtisodiy vaziyat Venesuelada ulkan inflyatsiyaga olib keldi. Hozirda dollarning qora bozordagi kursi 483,7 ming bolivarni tashkil qilmoqda, vaholanki rasmiy kurs bo‘yicha bir dollar 44,6 ming bolivarga teng. Shu bilan birga mamlakatda naqd pul massasi yetishmayapti, shu sababli hukumat yaqinda 100 ming bolivar qiymatdagi kupyura chiqardi. Uning qiymati bor-yo‘g‘i 0,2 dollarni tashkil qiladi. 4 iyunda bolivarning denominatsiya qilinishi belgilangan. Yangi kupyuralardan uchta nol olib tashlanadi.