Samarqand viloyat musiqali drama teatri Turkiyaga boradi

O‘zbekiston 19:53 / 16.04.2018 4945

Samarqand teatri sahnasida 2017 yil yozida sahnalashtirilgan turk dramaturgi Tunjar Jujano‘g‘lining «Ko‘chki» spektakli muvaffaqiyat bilan qo‘yilib, tomoshabinlar e'tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda. 2017 yil noyabr oyida teatrning Toshkentga ijodiy safarida asar muallifi Tunjar Jujano‘g‘lining o‘zi ham tashrif buyurib, spektaklni ko‘rib, unga yuqori baho bergan edi.

«Ko‘chki» asari dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlar teatrlarida sahnalashtirilib, muvaffaqiyatli o‘ynalib kelinmoqda.

2018 yil 23 fevral kuni Turkiya davlati Madaniyat va turizm vazirligi teatrlar boshqarmasi tomonidan Samarqand viloyat musiqali drama teatri nomiga yuborilgan xatda, «Ko‘chki» spektakli 2018 yil 20–30 aprel kunlari Turkiya davlatining Konya shahrida o‘tkaziladigan «Ming nafas bir ovoz» turkiy tillarda sahnalashtirilgan spektakllarning XI Xalqaro festivaliga taklif etilganligi ma'lum qilingan edi.

Shu munosabat bilan Samarqand viloyat musiqali drama teatri joriy yilning 20–30 aprel kunlari Turkiya davlatining Konya shahrida bo‘lib o‘tadigan festivalda ishtirok etishga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda teatr direksiyasi Kun.uz muxbiriga ma'lum qilgan.

Spektakldagi asosiy rollarni teatrning yetuk aktyorlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Baxtiyor Rahimov, Bahrullo Rahimov, Gulbahor Mamedova, Mehri Hakimova, Solijon Hakimovlar bilan bir qatorda, umidli yosh aktyorlar Jamshid Murodov, Shohsanam Obloqulova, Sarvinoz Saitovalar mahorat bilan ijro etib kelmoqdalar.

Mazkur Festivalda Samarqand teatrining ishtiroki O‘zbekiston va Turkiya davlatlari o‘rtasidagi madaniy do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Spektaklning qisqacha mazmuni: Katta tog‘lar bilan har tomondan o‘ralgan manzili noma'lum qishloqda mahalliy aholi baland ovozda gaplashishmaydi, ovoz chiqarib kulishmaydi. Chunki, tovush to‘lqinlari qor ko‘chkisini keltirib chiqarishi mumkin.

Oddiy bo‘lmagan bu vaziyatda, ko‘chki ko‘chish xavfi yilning to‘qqiz oyi davomida saqlanib qoladi.... Va atigi uch oy davomida mahalliy aholi baqirib-chaqirishi, quroldan otishi, to‘y-tomosha qilishi, chaqaloq dunyoga keltirishi mumkin bo‘ladi...

Taqdir taqozasi bilan ana shu ko‘chki xavfi kuchaygan bir paytda qishloqdagi bir oilada chaqaloq dunyoga kelishi kutiladi. Spektaklda shu muammoning yechimini izlash, avlodlar davomi sanalgan dunyoga keladigan begunoh go‘dak hayotini saqlab qolish, ammo shu bilan birga muqaddas hisoblanmish o‘z qishlog‘i, Vatanini ko‘chki xavfidan asrash kabi ziddiyatlarga to‘qnash kelinadi.

Shunday murakkab vaziyatda, o‘lim xavfi muqarrarligi aniq bo‘lganda ham asar qahramonlari tug‘ilib o‘sgan makonini tashlab ketishmaydi. Aksincha, dunyoga kelgan go‘dakning beg‘ubor kulgusi butun qishloqni asrlar davomida saqlanib kelgan xavfdan yengadi.

Ko‘proq yangiliklar: