Kawasaki Heavy Industries O‘zbekistonda tabiiy gazdan benzin ishlab chiqarish bo‘yicha zavod quradi, deya xabar qilmoqda Spot «Tahlilnoma» ko‘rsatuviga asosan.
Yaponiya korporatsiyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Kawasaki Heavy Industries O‘zbekiston bozoridagi o‘z mavqeini kengaytirish niyatida:
«Biz Yaponiya hukumati moliyaviy vositalarini jalb qilish orqali GTG texnologiyasi bo‘yicha tabiiy gazdan benzin ishlab chiqaradigan zavod qurish masalasini o‘rganmoqdamiz», - deya xabar berishgan kompaniyadan.
Ma'lum bo‘lishicha, yaqin vaqt ichida kompaniya delegatsiyasi loyihani birgalikda amalga oshirish masalasini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Kawasaki Heavy Industries, Ltd – Yaponiyaning Kobe va Tokio shaharlarida bosh qarorgohlarga ega bo‘lgan korporatsiya, dunyodagi eng katta sanoat konsernlaridan biri. Dastlab kompaniya kemasozlik bilan shug‘ullangan, ammo hozirgi vaqtda asosiy mahsulotlari - sanoat robotlari, gidrosikllar, traktorlar, poyezdlar, dvigatellar, qurollar, yengil samolyotlar va vertolyotlar, shuningdek, Boeing, Embraer va Bombardier Aerospace samolyotlari uchun ehtiyot qismlari.