Gollandiyada fashistlar tomonidan otib tashlangan o‘zbek askarlari xotirasi yodga olindi 

Jahon 18:13 / 16.04.2018 15135

O‘zbekiston Respublikasining Niderlandiyadagi elchixonasi (qarorgohi Bryusselda) 1942 yilning aprelida Gollandiyaning Amersfort shahrida fashistlar tomonidan otib o‘ldirilgan o‘zbekistonlik harbiy asirlarni xotirlash marosimida ishtirok etdi.

Tadbirda Amersfort meri Leonell Bosius, Niderlandiyadagi Rossiya va Belarus diplomatik missiyalar rahbarlari, Qozog‘iston elchixonasi, «Amersfort konsentratsion lageri» muzeyi vasiylik kengashi vakillari, shuningdek, jamoatchilik va shahar yoshlari, mahalliy OAV ishtirok etdi.

Gollandiyalik tarixchi Remko Reydingning hikoyalariga ko‘ra, 1941 yil sentabr oyida Markaziy Osiyodan, asosan O‘zbekistondan bo‘lgan 101 nafar harbiy asir Amersfort temir yo‘l stansiyasiga yetkazilgan. Askarlar SSSR hududiga nemislar bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay, Sharqiy frontda asirga olingan. Askarlar uzoq safardan so‘ng juda yomon ahvolda bo‘lgan. Natsistlar ular bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan, biroq shahar aholisi mahbuslarga rahm-shafqat ko‘rsatgan.

Ilk olti oy davomida Amersfort konslagerida bo‘lish vaqtida 24 nafar asir ochlik, kasallik va shafqatsiz munosabat tufayli vafot etgan.

1942 yil 9 aprelda qolgan 77 kishi otib tashlangan. Bu Ikkinchi jahon urushi yillarida Gollandiyada amalga oshirilgan eng ommaviy qatllardan biri bo‘ldi. Keyinchalik, asirlar otib tashlangan yerda yodgorlik o‘rnatildi, u yerda 2013 yildan beri har yili xotira marosimi o‘tkaziladi.

Urushdan so‘ng askarlarning qoldiqlari «Rustxof» qabristoniga qayta dafn etildi. Afsuski, marhumlarning ismlari haligacha noma'lum.

Har bahor, gollandiyalik yuzlab erkak va ayollar, yoshlar hamda keksalar - Amersfort yaqinidagi o‘rmonda to‘planishadi va natsistlar otib tashlagan askarlar xotirasini yodga oladilar.

 

Ko‘proq yangiliklar: