Buyrak transplantatsiyasi  o‘tkazilgan 14 yoshli bemor sog‘lom hayotga qaytdi

Jamiyat 20:11 / 16.04.2018 9547

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 14 yoshli Umidjon Abdumadjidovga otasi Ilgor Abduqayumov donorligida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarilgan edi. Bugun bemor shifo topib uyiga qaytdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati. 
 
Transplantatsiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning talab oshib borayotgan, istiqbolli yo‘nalishlaridan biri. Bugun bunday yuqori texnologik operatsiyalar tibbiyoti rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda yurtimizdagi ikki markaz — akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida shunday murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.    

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

— Markazimizda birinchi marta buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti o‘tkazildi — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokori Maqsudxon Rashidov. — Bu operatsiyaning murakkabligi shunda bo‘ldiki, bemor Umidjon juda yosh, organizmi hali rivojlanish bosqichida edi. Ichki a'zolarining kichikligi, qon tomirlarining ingichkaligi alohida yondashuv talab qildi. Shu bois markazda katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xorij tajribasini o‘rgandik. Shundan so‘ng, Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda markazimiz tarixida ilk bor buyrak transplantatsiyasi bajarildi. Operatsiyagacha bemorning buyragi o‘z faoliyatini bajara olmagani bois, qoni 8 oy davomida to‘liq gemodializ apparati orqali tozalangan. Hozir buyrak me'yorida faoliyat olib bormoqda. Umidjon sog‘lom hayotga qaytdi, deb bemalol ayta olamiz.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

— Bugun o‘g‘lim Umidjon qayta dunyoga kelganday bo‘ldi, — deydi bemorning otasi, donor Ilgor Abduqayumov. — Davlatimizning ko‘magi, shifokorlarning astoydil mehnati oilamiz quvonchini qaytarib berdi. Operatsiyadan oldin natija qanday bo‘larkan, degan o‘y-xayollar bo‘lgani rost. Mana, hammasi ortda qoldi. Hozir Umidjonning kayfiyati, o‘ziga ishonchi baland.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari ushbu murakkab amaliyot muvaffaqiyatli o‘tganiga katta ishonch bildirishdi. Hozirgacha bo‘lgan natijalarning barchasi ijobiy. Bemor va donor sog‘lom holatda o‘z oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytdi. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operatsiyalarni bemalol bajara oladi. 

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bunday murakkab amaliyotlardan tashqari, yurtimiz shoshilinch tibbiy yordam tizimi bo‘yicha yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali statsionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam, shuningdek yiliga 7 milliondan ziyod chaqiriqlar bo‘yicha tibbiy yordam ham ko‘rsatib kelmoqda.  

 

Ko‘proq yangiliklar: