Harbiy texnikani ishlab chiqarish qanday litsenziyalanadi?

O‘zbekiston 18:57 / 16.04.2018 8127

Vazirlar Mahkamasining 26.03.2018 yildagi 237-son qarori bilan Qurol-yarog‘, harbiy texnikani yaratish, ishlab chiqarish, ta'mirlash va realizatsiya qilish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash hamda bo‘shayotgan harbiy-texnika vositalarini tugatish va qayta ishlash tartibi belgilandi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, quyidagilar majburiy ravishda litsenziyalanishi kerak:

• qurol-yarog‘ va uning o‘q-dorilarini, himoyalanish vositalarini, harbiy texnikani, ularning ehtiyot qismlari, butlovchi qismlari va priborlarini, agar ulardan boshqa tarmoqlarda foydalanilmasa, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallarni va maxsus asbob-uskunani yaratish, ishlab chiqarish, ta'mirlash va realizatsiya qilish;
• bo‘shayotgan harbiy-texnika vositalarini tugatish (yo‘q qilib tashlash, utilizatsiya qilish, ko‘mib tashlash) va qayta ishlash.
 
Ko‘rsatilgan faoliyat turlari faqat O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
 
Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat korxonalari va muassasalari, basharti bunday qarorlarda ushbu faoliyat turlarini amalga oshirish nazarda tutilgan bo‘lsa, ular bilan litsenziya olmasdan shug‘ullanishga haqlilar.
 
Ilgari Vazirlar Mahkamasi litsenziyalovchi organ edi. Hozir ushbu vazifalar Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasiga yuklatilgan. Lisenziya berish to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rib chiquvchi ishchi organ – ko‘rsatilgan davlat qo‘mitasining Davlat mudofaa buyurtmasini bajarish boshqarmasining sifat nazorati, standartlashtirish va litsenziyalash bo‘limi.   
 
Lisenziyaning amal qilish muddati – 5 yil, talabgorning arizasiga ko‘ra kamroq muddat belgilash imkoni mavjud.
 
Shu jumladan davlat (harbiy) sirini o‘z ichiga olgan ma'lumotlardan foydalaniladigan faoliyat turlari uchun litsenziya talablari va shartlari belgilangan:

• maxfiy ishlarni yuritish va obekt ichidagi rejimga rioya etish;
• xodimlarda davlat sirlaridan foydalanish huquqining mavjudligi;
• litsenziyalanadigan faoliyat turi amalga oshiriladigan obektlarning ishonchli muhofaza qilinishini ta'minlash, fizik va texnik himoyalash chora-tadbirlarini o‘tkazish.
 
Lisenziya olish tartibi
 
Lisenziyalovchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

• barcha zarur rekvizitlar ko‘rsatilgan ariza;
• talabgorda zarur asbob-uskunalar va o‘lchov vositalari, ishlab chiqariladigan mahsulotning (xizmat yoki ishning) texnik hujjatlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
• obektning yong‘in, ekologiya va sanitariya xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
• obektning texnik jihozlanganligi va IIB texnik muhofaza qilish markaziga (punktiga) ulanganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar – «maxfiy» ishlar amalga oshiriladigan obektlar uchun;
• mahsulot hujjatlari, materiallari, yarim tayyor mahsulotlari, butlovchi qismlari but saqlanishi tashkillashtirilganligi to‘g‘risidagi (utilizatsiya qilish va tugatish ishlari uchun – qimmatbaho metallar but saqlanishi uchun sharoitlar to‘g‘risidagi) ma'lumotlar;
• arizani ko‘rib chiqqanlik uchun EKIHning 2 baravari miqdorida yig‘im to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat.
 
Taqdim etilgan hujjatlar 25 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilib, ijobiy yoki salbiy xulosa rasmiylashtiriladi. Xulosa asosida litsenziyalovchi organ 5 kunlik muddat ichida litsenziya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda litsenziya kelishuvi tuziladi.
 
Lisenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun EKIHning 5 baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
 
Hujjat 2.04.2018 yildan kuchga kirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: