Yanvar - mart oylarida O‘zbekiston YaIM hajmi haqida ma'lumot berildi

Iqtisodiyot 13:18 / 13.04.2018 10566

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning yanvar – martida O‘zbekiston Respublikasi YaIM hajmi joriy narxlarda 64,9 trln so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,1%ga o‘sdi. YaIM deflyatori indeksi 2017 yilning yanvar – martidagi narxlarga nisbatan 137,4 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Aholi jon boshiga hisoblangan YaIM 1 986 ming so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3%ga yuqoridir.

Iqtisodiy o‘sish sur'ati milliy iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish sur'atlari bilan bog‘liqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat (keyingi o‘rinlarda YaQQ) hajmi YaIM umumiy hajmining 83,8%ini tashkil etdi va 5,0%ga o‘sdi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta'siri 4,4 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YaIM tarkibidagi ulushi 16,2%ni tashkil etdi va 5,3% darajasida o‘sish qayd etildi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta'siri 0,7 f.p.).

YaIM o‘sish sur'atiga xizmatlar sohasi eng katta ta'sir ko‘rsatdi (2,2 f.p.) va bu soha o‘tgan yilning yanvar-martiga nisbatan 4,4%ga o‘sdi. Jumladan, savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 1,1%ga, tashish va saqlash, axborot va aloqa – 7,1%ga va boshqa xizmatlar - 4,6%ga o‘sdi.

Sanoat tarmog‘ining qo‘shilgan qiymatida 5,0%lik o‘sish qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishining YaIM mutlaq o‘sish sur'atiga ijobiy ta'siri 1,3 f.p. darajasida baholandi. Sanoat tarmog‘idagi o‘sish tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 20,7%ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 1,8%ga va boshqa sanoat tarmoqlarining 5,8%ga o‘sishi hisobiga ta'minlandi.

Ko‘p kvartirali turar joy binolari qurilishi, shuningdek sanoatning bazaviy tarmoqlari korxonalari qurilishi va modernizatsiyasi bilan bog‘liq investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar natijasida qurilish tarmog‘ining o‘sish sur'atlari 12,2%ni tashkil etdi. YaIMning mutlaq o‘sishida qurilish tarmog‘ining ijobiy hissasi 0,8 f.p. darajasida baholandi.

2018 yilning yanvar – marti yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida ham 1,8% darajasida ijobiy o‘sish sur'ati kuzatildi. Mazkur tarmoqdagi o‘sish sur'ati hisobidan YaIMning 0,1 f.p. o‘sishi ta'minlandi.

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining YaIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi 2017 yil yanvar – martdagi 6,5%dan 2018 yil yanvar – martda 6,3%gacha kamaydi. Sanoatning ulushi 29,1%dan 34,8%ga, qurilishning ulushi 7,4%dan 7,6%ga  oshdi.

Xizmatlar sohasining YaIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi 2018 yilning yanvar – martida 51,3%ni tashkil etdi va 2017 yilning yanvar – martidagiga (57,0%) nisbatan 5,7 f.p. ga kamaydi.

2018 yilning yanvar – martida mulkchilik shakllari bo‘yicha YaIM umumiy hajmining 78,8% iqtisodiyotning nodavlat sektoriga, 21,2% davlat sektoriga to‘g‘ri keldi.

Ko‘proq yangiliklar: