Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ish haqi ko‘rsatkichlarini umumlashtirish natijasida, 2018 yil yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1 548,3 ming so‘mni (ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud) tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 20,1%ga o‘sishni ta'minladi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabarida aytilgan.
2018 yil yanvar-mart oylarida 2017 yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori o‘sish sur'ati axborot va aloqada 28,9%, moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 28,6%, sanoatda 27,5%, qurilishda 24,8% kuzatildi.
2018 yil yanvar-mart oylarida respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 79,2%ga, axborot va aloqada 75,9%ga, sanoatda 49,6%ga, tashish va saqlashda 35,8%ga yuqorini tashkil etgan bo‘lsa, aksincha sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 33,6%ga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmarlarda 25,8%ga, ta'limda 20,5%ga respublikadan kamni tashkil etmoqda.
O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko‘rsatkichini respublika hududlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, ya'ni o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 2 129,9 ming so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 137,6%), Navoiy viloyatida 2 118,8 ming so‘mni (136,8%) va Toshkent viloyatida 1 686,7 ming so‘mni (108,9%) tashkil etgan bo‘lsa, Namangan viloyatida 1 223,9 ming so‘mni (79,0%), Samarqand viloyatida 1 234,8 ming so‘mni (79,8%) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda.