Taraqqiyot strategiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasiga qisqacha sharh berdi.
Quyida markaz ekspertlarining umumiy xulosalari bilan tanishishingiz mumkin
I. Soliq tizimini isloh qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan Kontseptsiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida respublikamiz soliq siyosatini tubdan takomillashtirishda, tizimning shaffofligini ta'minlashda va shu orqali milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi uchun zamin yaratishda muhim o‘ringa ega.
Xususan, soliq tizimining soddalashtirilishi soliq to‘lovchilar,shu jumladan xorijiy investorlar uchun o‘ziga xos bir chaqiruv hisoblanib, bu bilan davlat islohotlarni faqat iqtisodiy usullarni qo‘llagan holda amalga oshirish yo‘lini tanlaganining yana bir amaldagi isboti hisoblanadi.
Mazkur konsepsiya loyihasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, xususan soliq yukini kamaytirilishi, iqtisodiyotning muhim qismini “soyadan” olib chiqilishi, huquqiy va mas'uliyatli biznesni rag‘batlantirilishi, tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun real shart-sharoitlarning yaratilishi va boshqalar o‘z navbatida yaqin kelajakda O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, manfaatli va doimiy ish o‘rinlarini yaratilishi orqali aholining yashash darajasini oshishida o‘z aksini topadi.
II. Shu bilan birga, soliqlar davlat byudjyeti daromadlarini shakllantirishda potensial manba ekanligini hamda soliq tizimini tubdan va juda ham qisqa davrda isloh qilish dastlabki yillarda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini ham inobatga olish lozim bo‘ladi.
Joriy yilda respublikamiz davlat byudjyeti daromadlarida qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) tushumlar ulushi 35,4 foizni (22 trln. so‘m), yuridik shaxslarning foyda solig‘idan tushumlar - 4 foizni (2,5 trln. so‘m), tadbirkorlik sub'yektlarining yagona soliq to‘lovidan ajratmalar va qat'iy soliqlar - 8,2 foizni (5,1 trln. so‘m), mulk va yer solig‘i - 5,5 foizni (3,4 trln. so‘m) hamda jismoniy shaxslarga daromad solig‘ining ulushi 8,4 foizni (5,2 trln. so‘m) tashkil etishini va ulardan tushumlar asosan ijtimoiy sohalarni (35 trln. so‘m) moliyalashtirish manbalari ekanligini hisobga olsak, soliq tizimidagi islohotlar masalasini juda ham nozikligi yanada namoyon bo‘ladi.
Moliya sohasidagi ayrim mutaxassislarning fikricha, soliq tizimini taklif etilayotgan shaklda, ya'ni juda ham qisqa davrda tub o‘zgarishlarning amalga oshirilishi, shuningdek, yuridik shaxslar foydasidan to‘lanadigan soliqni bekor qilish evaziga 25 foizlik dividend solig‘ining kiritilishi, QQS stavkasining 20 foizdan 12 foizgacha pasaytirilishi va boshqa islohotlar hisobiga davlat byudjyetiga kelib tushadigan tushumlarning birinchi yilda 20-25 trln. so‘mgacha kamayishi kuzatilishi va bunday salbiy holat 3 yilgacha davom etishi mumkin.
Mazkur yo‘qotishlarni qoplashning asosiy yo‘llari byudjyet harajatlarining qisqartirilishi yoki soliq solinadigan bazaning kengayishi hisobiga boshqa soliqlar bo‘yicha tushumlarning ko‘payishi, yoxud ba'zi mutaxassislar fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi yoki Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish bo‘lishi mumkin.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va Xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablag‘larni byudjyet xarajatlari uchun ishlatilishi bevosita inflyatsiyaga ta'sir qilgan holda, dastlabki yillarda O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasi nazorat qilib bo‘lmaydigan darajaga, ya'ni yillik 30-35 foizga yetishi mumkin deb baholanmoqda.
Shuningdek, amalda dividend to‘lash uchun korxona foyda olgandan so‘ng birinchi navbatda ushbu foydani tashqi audit tomonidan tasdiqlatishi va ta'sischilar yig‘ilishi orqali uni taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga o‘rtacha 6 oy vaqt ketishi sababli deyarli barcha tashkilotlar dividendni avvalgi yil uchun har yili bir marta to‘laydilar. Ya'ni, agar tashkilot dividend to‘lash bo‘yicha qaror qabul qilgan taqdirda ham dividend solig‘i bir yilda bir marta to‘lanadi, bu esa byudjyetning har oylik manbalarini shakllantirishga va majburiyatlarining bajarilishiga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi, albatta.
Amaliyotga faqat 25 foizli dividend solig‘i joriy etilsa, ayrim xo‘jalik sub'yektlari osonlikcha va hech qanday xatarlarsiz soliqlarni to‘lamasdan mablag‘larni olish yoki boshqacha aytganda, aksionerlar (ta'sischilar) dividend solig‘ini to‘lamaslik maqsadida xo‘jalik faoliyati orqali dividendlar to‘lovini yashirin tarzda amalga oshirishga urinishlari mumkinligini ham hisobga olish lozim (aktivlarni sotib olish va ularni tashkilot nomiga rasmiylashtirish, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha soxta shartnomalarni rasmiylashtirish va h.k.).
III. Respublikamiz soliq tizimini isloh qilish valyuta konvertatsiyasining ochilishidan keyingi asosiy qadamligini, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lishini yana bir bor ta'kidlagan holda soliq tizimini isloh qilishning hozirgi davrida quyidagilarni ham hisobga olish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
1) Soliq tizimini tubdan isloh qilishdan oldin amaldagi soliq tizimini chuqur va har tomonlama tahlil qilish, uning barcha salbiy va ijobiy jihatlarini o‘rganish, kiritilayotgan o‘zgartirishlarning sohalarga, yirik korxonalar, tadbirkorlik sub'yektlari va fuqarolarga ta'siri bo‘yicha stress-testlar o‘tkazish, kiritilayotgan o‘zgarishlarning byudjyet daromadlari va xarajatlarining har bir turiga ta'sirini, shuningdek, soliq islohoti natijalari prognozini solishtirma jadvallar va aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash.
Shuningdek, o‘tgan yillarda (a) ixtiyoriy ravishda to‘langan soliqlar summasi, (b) nazorat qiluvchi organlar tomonidan majburiy undirilgan soliqlar summasi, (v) soliq to‘lovchilar va nazorat qiluvchi organlar o‘rtasida soliqlar bo‘yicha nizolarning soni, (g) ortiqcha to‘langan soliqlar bo‘yicha qaytarilgan summa yoki ortiqcha to‘lovlarning ortganligi hamda (d) soliq to‘lovchilar tomonidan moliya va nazorat organlariga soliqlarga oid tushuntirishlar berish bo‘yicha qilingan murojaatlar sonini tahlil qilish ham maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Mazkur tadbirlar amalga oshirilgandan so‘nggina yangi o‘zgarishlarni amaliyotga joriy etish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Aks holda oxir-oqibatda soliqqa tortishning boshqacha nomlangan eski tizimiga yoki yanada salbiyroq variantiga erishish mumkin.
2) Soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasini Harakatlar strategiyasi doirasida iqtisodiyot va hududlarning rivojlanish holati, davlat byudjyeti parametrlari ijrosi, shuningdek, amalga oshirilayotgan valyuta islohoti natijalaridan kelib chiqib, makroiqtisodiy, monetar va fiskal siyosat bilan o‘zaro mutanosiblikda va bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirish.
3) Soliq islohoti natijasida dastlabki yillarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan byudjyet yetishmovchiliklarini noinflyatsion manbalar, jumladan Davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarish, davlat obektlarini xususiylashtirish, xo‘jalik birlashmalaridagi davlat ulushini sotish va boshqalar orqali makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va inflyatsiyani haddan tashqari oshib ketishini oldini olish.
4) Soliq Kontseptsiyasidan ko‘zlangan bosh maqsadni aniq belgilab olish va shunga munosib ravishda kontseptual o‘zgartirishlarni amalga oshirish. Amaliy nuqtai nazardan quyidagi yo‘nalishlarga ustuvorlik qaratilgan konsepsiyalarni misol tariqasida keltirib o‘tish mumkin:
- asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar barqarorligini ta'minlash;
- aholini ijtimoiy muhofaza qilish va yangi ish o‘rinlari yaratilishini rag‘batlantirish;
- tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
- davlat byudjyeti parametrlari defitsitining yuqori bo‘lishini oldini olish (xalqaro tajribada byudjyet taqchilligini YaIMga nisbatan 3 foizdan yuqori bo‘lishi - xatarli hisoblanadi);
- mahalliy byudjyetlar daromad manbalarini va mahalliy organlarning moliyaviy mustaqilligini oshirish.
5) Yuridik shaxslar foydasiga soliqni bekor qilish evaziga 25 foizlik dividend solig‘ini kiritilishining, QQS bo‘yicha amalga oshiriladigan o‘zgartirishlarning taqqoslama prognozini ishlab chiqish.
Shuningdek, 25 foizlik dividend solig‘ining kiritilishi milliy qimmatli qog‘ozlar bozori jozibadorligini pasayishiga olib kelishi, shuningdek, investorlarning manfaatdorligiga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkinligini chuqur o‘rganib chiqish.
6) Kichik biznes sub'yektlariga ham 12 foizlik QQS joriy qilinishi va soddalashtirilgan soliq tartibini tugatilishining dastlabki yillarda ushbu soha rivojlanishiga va yangi ish o‘rinlarini yaratishdagi imkoniyatlarini cheklashga olib kelishi mumkinligini o‘rganish. Bunda respublikamizda YaIMning 50 foizdan ortig‘i kichik biznes sub'yektlari hisobiga shakllanishini ham inobatga olish.
7) Turli mamlakatlarning soliq siyosati va ularda amalga oshirilgan islohotlarning dastlabki yillarda iqtisodiyot, davlat byudjyeti, tadbirkorlik faoliyatiga va investitsion muhitga ta'siri to‘g‘risida amaliy tajribaga ega bo‘lgan xalqaro tashkilotlar mutaxassislari fikrini o‘rganish ham muhim ahamiyat kasb etadi.