Soliq konsepsiyasidagi o‘zgarishlar pensiyaga ta'sir qiladimi?

Iqtisodiyot 00:19 / 06.04.2018 25838

Soliq islohotlarini amalga oshirish maqsadida taklif etilayotgan konsepsiyaning ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgani barchamizga ma'lum. Bunda ayniqsa ish haqi yuzasidan bo‘ladigan to‘lovlarda bir tekis soliqqa tortish amaliyotining qo‘llanilishi taklif etilayotgani katta ahamiyatga ega.

Darhaqiqat, ish beruvchi​ shu kunga qadar ish haqi hisoblashi va maosh xodimning qo‘liga kelib tushguncha qadar bo‘lgan jarayonda bir nechta soliq va ajratmalar turlarini to‘lashga majbur edi. Garchi soliqlarning tarkibidagi bir qanchasi jismoniy shaxs nomidan ajratilsa ham, ularni o‘z vaqtida to‘lash va aniq hisob kitobini yuritish ish beruvchi zimmasida qolgan. Bu o‘z navbatida ish beruvchiga oylik hisoblash bilan bog‘liq ko‘p vaqt sarflanishi va qo‘shimcha xarajatlarni talab qilardi. Endilikda yangi bir tekis shkaladagi soliq stavkasining qo‘llanilishi natijasida, ish beruvchi, ham vaqtini, ham naqdini tejashi aniq. Shuningdek, ish beruvchi o‘z xodimlariga nisbatan eski ish haqi fondi va xarajatlarini saqlab qolsa, xodimning maoshi o‘sishi mumkin.

Barcha turdagi ish beruvchilarning birday yutishini amaldagi hisob kitoblar bilan tasdiqlab ko‘rsatamiz. Chunki xodim uchun uning qo‘liga tegadigan pul miqdori qiziq bo‘lsa, ish beruvchi uchun xodimning ish haqi bo‘yicha jami qancha xarajat ketishi muhim hisoblanadi. Toki real hisob-kitob qilib, farqi ko‘rinmas ekan, har ikkala tomonga yangi taklifning ahamiyati sezmasligi mumkin. Buning uchun shartli ravishda uch xil miqdorda daromad oluvchi jismoniy shaxslarni misol qilib olamiz. Ularning qo‘llariga oladigan ish haqi 835 426 so‘m, 1 563 770 so‘m va 7 043 770 so‘m deb qabul qilgan holda buni amaldagi va yangi taklif etilayotgan konsepsiya bo‘yicha hisoblangandagi xarajatlar miqdorini aniqlaymiz.

Ish haqi bo‘yicha hisob-kitoblar, amaldagi va yangi konsepsiya ta'siridagi natija

Yuqoridagi hisob kitoblarda barcha turdagi korxona va tashkilotlar Kasaba uyushmasiga ham 1% ajratma ajratishadi degan shart bilan hisoblangan.

Yuqoridagi jadvaldan ko‘rish mumkinki, bugungi kunda to‘lanishi mumkin bo‘lgan turli qatlamlar doirasidagi ish haqi miqdorlari bo‘yicha ish beruvchining xarajatlari har bir toifada ham ish beruvchi uchun samarali bo‘ladi. Avval kichik biznesda faoliyat yurituvchi tadbirkor ma'lum bir miqdordagi ish haqini berish uchun o‘rtacha 1.5 baravar pul umumiy xarajat qilishi kerak bo‘lsa, endilikda u 1.33 baravar xarajat qilgan holda sodda tartibda ish haqini berishi mumkin. Ayniqsa yirik tashkilotlar, xususan davlat tashkilotlari ishchilari uchun ham oylikni oshirish imkonini beradi. Garchi avvalgi oylik miqdorini saqlab qolgan holda o‘z xarajatlarini jadvaldagi singari qisqartirish imkoni bo‘lsa ham, umid qilamizki, xususiy korxonalar va davlat tashkilotlari ishchilarning qo‘liga tegadigan pulni ko‘paytirish yo‘lini tanlashadi.

Ushbu o‘zgarishdan ayniqsa yirik tashkilotlar katta foyda ko‘rishadi. Biroq, tanganing ikkinchi tomoni ham borki bu davlat byudjyeti tushumlari va xususan pensiya ta'minoti masalalarining keyingi taqdiri qanday kechishi bizga noma'lumligicha qolmoqda. Ushbu holatga jiddiy ahamiyat berayotganim sababini hozir tushuntiraman.

Iqtisodiyotda faol bo‘lgan, rasmiy ishlayotgan aholining nisbatan kamligi evaziga so‘nggi yillarda, garchi kichik biznes uchun yagona soliq to‘lovi 15%ga tushirilgan bo‘lsa ham, ish haqidan fuqarolarning sug‘urta badallari yil sayin oshirib kelinmoqda. Aslida kichik biznesda rasmiy faoliyat yuritayotgan xodimlarning soni yirik tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar sonidan keskin farq qiladi va byudjyetga bir necha baravar kam daromad keltirgan. Shuning uchun ham yirik tashkilotlarda faoliyat yurituvchi xodimlarning ish haqidan olinadigan sug‘urta badallarining oshirilishi hamda yalpi tushumdan majburiy ajratmalar sifatidagi tushumlarning oshirilishi pensiya ta'minotini qoplashga bir amallab yetkazib kelinayotgan edi.

Agar byudjyet daromadlari tarkibida ulushning yuqoriligi jihatidan tahlil qilinadigan bo‘lsa, Yagona ijtimoiy to‘lovning ulushi ish haqi bo‘yicha to‘lanadigan soliq va ajratmalar tarkibidagi eng yirigi hisoblanadi. Kontseptsiyada aynan 25% saqlanib qolinishining asosiy sabablaridan biri ham aynan shu bo‘lsa kerak degan fikrdaman (chunki YaIT 25%, kichik biznes uchun 15%). Bu orqali byudjyetga keladigan yirikroq daromad saqlangani holda qolgan manbalardan keluvchi daromadlar yo‘qotilishi belgilangan.

Yangi konsepsiyaning 25% bir tekis shkalasida belgilanishi hamda majburiy ajratmalarning umuman bekor qilinishi pensiya ta'minotining manbalari nisbatan kamayib ketishini taqozo etadi. Bu borada 25% tekis shkalani taqsimlanishini men o‘zimcha quyidagi tartibda amalga oshsa kerak deb tahmin qilmoqdaman.

Soliq stavkalarining taqsimlanishi

Ko‘rib turganingizdek, men ajratayotgan ajratmalarda oldingi to‘lanib kelingan fuqarolarning daromad solig‘i bo‘yicha yo‘nalish yangi konsepsiya bo‘yicha umuman yo‘q bo‘lib ketgan. Bunga sabab, baribir ushbu mablag‘larning aksariyat qismi pensiya ta'minotini dotatsiya qilishga yo‘naltirilishi kuzatilgan. Biroq, agar xuddi shunday tartibda taqsimlansa ham pensiya ta'minoti keyinchalik rasman faoliyat yurituvchi ishchilarning keskin ortishi hisobigagina qoplanishi mumkin. Boshqa hollarda buning yechimi sifatida faqatgina dotatsiya, pensiya miqdorini oshirmay turish yoki pensiya yoshini uzaytirish singari yechimlar bilangina pensiya ta'minotini saqlab qolish mumkin.

Eng qizig‘i agarda pensiya va nafaqalar bozor iqtisodiyoti qoidalariga muvofiq bozor narxlariga ko‘ra indeksatsiya qilib borilishi belgilansa, unda ushbu masalaning yechimi juda qiyinlashadi. Natijada hattoki bugungi kunda Gruziya duch kelayotgan pensiya ta'minoti muammosiga O‘zbekiston ham duch kelishi mumkin. Ha men shaxsan o‘zim Gruziyadagi soliqqa tortish tizimining bizda qo‘llanilishi bo‘yicha ijobiy fikrlar bildirganman va shu islohotlarda aynan shu davlatdan andaza olinayotganidan ham baxtiyorman. Biroq, shu bilan bir qatorda biz eng yaxshi jihatlarni olishimiz va ular yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarni takrorlamasligimizni istayman. Agar voqealar rivoji nisbatan qiyinroq kechadigan bo‘lsa, katta ehtimol bilan bizda ham pensiya yoshi uzaytirilishi chorasi qo‘llanilishi mumkin. (Ma'lumot o‘rnida: Gruziyada pensiya yoshi erkaklar uchun 65, ayollar uchun 60 yosh qilib belgilangan, O‘zbekistonda esa erkaklar uchun 60, ayollar uchun 50 yoshni tashkil qiladi.)

Biroq buning oldini olish uchun bir qancha chora-tadbirlar qo‘llash mumkin:

- Xususan, norasmiy sektorda faoliyat yurituvchi barcha sub'yektlarni rasmiy sektorga o‘tkazish ishlarini rivojlantirish;

- Xorijda faoliyat yuritayotgan ishchilarning barchasini rasmiy shartnomaga muvofiq daromad solig‘ini O‘zbekiston uchun to‘lash shaklini yo‘lga qo‘yish yoki ikki tomonlama kelishuvga muvofiq boshqa davlatlardan shu borada ishlarni jadallashtirish;

- Rasmiy ish bilan band bo‘lmagan mehnat layoqatiga ega bo‘lgan aholini tezroq ish topishi uchun turtki berish maqsadida ma'lum miqdordagi mablag‘ni qat'iy soliq sifatida pensiya ta'minotiga tushishini ta'minlash (Chunki, yakunda baribir yoshga doir qarilik pensiyasini olish huquqi beriladi har kimga);

- Orttirilgan nogironlik nafaqalarini belgilash tartiblarini isloh qilish va boshqalar.

Endi men Kontseptsiyada taklif etilayotgan ayrim masalalar yuzasidan bir qancha savollarni o‘rtaga muhokama uchun tashlamoqchi edim.

Birlashtirib yuborilgan daromad solig‘i, pensiyaga ajratma va yagona ijtimoiy to‘lovlar byudjyetda qanday taqsimlanishi ham hozircha noma'lum? (Men, bu bo‘yicha o‘z taxminimni yuqorida keltirdim, biroq daromad solig‘idan imtiyoz degan tushunchalarning taqdiri qanday kechishi menga qorong‘i, xususan, shu vaqtga qadar daromad solig‘idan imtiyozni qo‘llagan holda sug‘urtaga yoki ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirayotgan insonlar uchun bu juda muhim sanaladi. Boshqa tomondan agar ko‘proq ish haqi olish imkoniyati paydo bo‘lsa bunday imtiyozlarning keragi ham yo‘q, aslida.)

Endilikda pensiya ta'minoti bo‘yicha mamlakatdagi har xil turdagi pentsiya va nafaqalarni oluvchi shaxslarni ta'minlash masalasida qanday choralar ko‘rilishi? (Men bu haqida ham takliflarimni bildirib o‘tdim)

Yangi taklif etilayotgan Kontseptsiya bo‘yicha jamg‘arib boriladigan pensiya ta'minotiga ajratmalar bo‘lish yoki bo‘lmasligi masalasi noma'lumligicha qolmoqda?

Mening takliflarim jamg‘arib boriladigan pensiya ta'minotiga pul ajratib borishni ixtiyoriy ravishda tanlash huquqini berish, uni ish beruvchi tomonidan emas, balki ishchining o‘zi tomonidan mustaqil ravishda jamg‘arib borilishi tizimini yo‘lga qo‘yish, agar ishchi xodim xohlamasa umuman pul o‘tkazmasligi mumkinligini belgilash lozim. Chunki bugungi kundagi jamg‘arib boriladigan pensiya ta'minoti bo‘yicha o‘tkaziladigan pullar ishchilar uchun deyarli yo‘qotilgan pullar hisoblanadi. Chunki pensiya yoshiga yetgach hech qanday indeksatsiya qilinmasdan inflyatsiya natijasida qadrsizlanib ulgurgan pulning ahamiyati batamom yo‘qoladi. Shu sabab, bu tizimni ham tubdan isloh qilish va jozibador bo‘lgan jamg‘arma omonatlar, sug‘urta xizmatlarini taklif qilish maqsadga muvofiq.

Bu faqat ish haqi to‘lovlari bo‘yicha soliqdagi o‘zgarishlarga nisbatan bildirilgan fikrlarim, qolgan turdagi o‘zgarishlarga nisbatan ham fikrlarni keyingi maqolalarda berib o‘taman.

Mansur Tangishov, moliyachi ekspert

Ko‘proq yangiliklar: